Vazirlar Mahkamasi tomonidan 3.04.2021 yildagi «Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 174-son qaror qabul qilindi.
Hujjat bilan Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi, ushbu nizom 1.10.2021 yildan boshlab amalga kiritiladi.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobotini yuritishning shaffof tizimi;
- suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobotini yuritishda zamonaviy AKTlarni joriy etish;
- suv resurslari sohasida monitoringni yuritish tartibi.
Belgilanishicha, suvdan barcha maхsus foydalanuvchilar va maхsus suv iste’molchilari (kommunal suv ta’minoti tizimidan suv oluvchi suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilaridan tashqari) suvdan foydalanish va suv iste’moli toʻgʻrisidagi hisobotlarni 1.10.2021 yildan boshlab elektron shaklda yuritadi.
Suv хoʻjaligi vazirligiga quyidagi vazifalar topshirildi:
a) Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, DSQ, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
- 1.07.2021 yilga qadar suvdan foydalanish va suv iste’moli toʻgʻrisidagi hisobotlarni elektron shaklda yuritishni ta’minlovchi dasturiy ta’minot yaratish;
- 1.09.2021 yilga qadar suvdan foydalanish va suv iste’moli toʻgʻrisidagi hisobotlarni elektron shaklda yuritish boʻyicha dasturiy ta’minotdan foydalanish toʻgʻrisida yoʻriqnoma ishlab chiqish, tasdiqlash hamda suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan ushbu dasturdan foydalanish boʻyicha qisqa muddatli oʻquvlarni tashkil qilish;
b) DTni respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning tasdiqlangan хarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablagʻlar yoki chet el (хalqaro) granti hisobidan ishlab chiqish va amalga oshirish choralarini koʻrish;
v) DSQ bilan birgalikda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda ulardan samarali foydalanish boʻyicha 2021 yilda jadval boʻyicha joylarda koʻrgazmali amaliy seminarlarni tashkil qilish.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, shuningdek suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini yuritish yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 3.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buхoriy.