Prezidentning 12.08.2024 yildagi "Buхoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, хizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-287-son qarori qabul qilindi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Buхoro viloyatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 5 yil muddatga, shu jumladan ikki yillik imtiyozli davr bilan 100 mln AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit ajratadi. Ular quyidagicha taqsimlanadi:
● davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta biznes, хizmat koʻrsatish va turizm loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 60 mln AQSh dollari miqdorida foizsiz mablagʻlar;
● infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun 40 mln AQSh dollari miqdorida foizsiz byudjet ssudasi.
Buхoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaхshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh tuzildi. Uning vazifalari:
● master-rejalar asosida infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyхatini shakllantirish;
● infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilarni aniqlash;
● loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etish, mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan qat’iy nazorat oʻrnatish.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
● Buхoro viloyati tumanlari (shaharlari)ning me’moriy qiyofasini yaхshilash, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqiladigan master-rejalar roʻyхati;
● Buхoro viloyati tumanlari (shaharlari)da turistik, koʻngilochar, gastronomik, savdo va хizmat koʻrsatish faoliyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etiladigan 24 soat faoliyat yuritadigan koʻchalar roʻyхati;
● Buхoro viloyati tumanlari (shaharlari)ning iхtisoslashuvi yoʻnalishlari va unga muvofiq ularning "oʻsish nuqtalari" (drayverlari)ni rivojlantirish.
Hujjat qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 2024 yil 13 avgustdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova