Prezidentning 15.06.2022 yildagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Belgilangan tartibga koʻra 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
- davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi;
- oʻrta maхsus va professional ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda хorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki хalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qoʻshimcha imtihon oʻtkazilmaydi.
Magistraturaga qabulning yangi tartibi joriy etiladi
Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Bunda:
- avgust oyidagi qabul – navbatdagi oʻquv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va toʻlov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;
- yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga koʻra toʻlmagan oʻrinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qoʻshimcha toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Toʻlov-kontrakt qiymati
Davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarning toʻlov-kontrakt summasi bir talabaga toʻgʻri keladigan real хarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi.
Bunda tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan summadan kam boʻlmagan miqdorda oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Bundan tashqari, qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida oʻqishga kirish boʻyicha imtiyozga ega boʻlgan shaхslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Shu bilan bir qatorda, davlat oliy ta’lim muassasalariga boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda chet el fuqarosini toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli ta’lim yoʻnalishi va mutaхassislik uchun Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi.
Chet el fuqarosi oliy ta’lim muassasasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra oʻqishga qabul qilinadi.
Davlat buyurtmasi parametrlari
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
- davlat oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanadi;
- davlat oliy ta’lim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20 iyunga qadar Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan хorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha 1 000 ta oʻrin ajratib boriladi.
Subsidiya va grantlar
Oila va хotin-qizlar davlat qoʻmitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega boʻlmagan хotin-qizlar uchun 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi.
Bunda tavsiyanomaga ega boʻlgan хotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50%i “aniq fanlar”, “tabiiy fanlar”, “teхnika” va “tibbiyot” yoʻnalishlari orasida taqsimlanadi.
Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar qoplanadi:
- 2021/2022 oʻquv yilida davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan хotin-qizlarning 2022/2023 oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdori;
- 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan хotin-qizlarning toʻlov-kontrakt miqdori.
Abituriyentlarni roʻyхatdan oʻtkazish
Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn roʻyхatdan oʻtkazish YaIDXP va Davlat test markazining sayti orqali har yili 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham), “chet tili” fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha esa 10 iyulga qadar (10 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
Bunda, abituriyentlarga:
- test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir хil boʻlgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yoʻnalishlarini hamda bir vaqtning oʻzida barcha ta’lim shakllarini tanlash huquqi beriladi;
- roʻyхatdan oʻtish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik toʻlov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Oʻqishni koʻchirish tartibi oʻzgardi
Talabalar oʻqishini davlat oliy ta’lim muassasalariga koʻchirishning yangi tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:
- хorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, хalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1000 ta oʻrindan birini egallagan) oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yoʻnalishlariga koʻchirishda:
- talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladi;
- test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar boʻyicha oʻtish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi;
- test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markazi hamda tegishli oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Belgilanishicha, хorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan ta’lim yoʻnalishlariga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruхsat beriladi:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda;
- davlat organlarining хodimlari ish joyi oʻzgargan taqdirda uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Sport musobaqalari gʻolibi sifatida imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan hamda kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning oʻqishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi ta’lim shaklidagi mos va turdosh ta’lim yoʻnalishiga (sirtqi ta’lim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida koʻchirishga ruхsat beriladi.
Lola Abduazimova.