Vazirlar Mahkamasining 3.12.2018 yildagi 981-son qarori bilan daryo oʻzanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik sub’yektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibi tasdiqlandi.
Tartib FVVning iхtisoslashtirilgan otryadlari bilan bir qatorda tadbirkorlik sub’yektlariga ham bunday ishlarni oʻtkazish huquqini bergan Prezidentning 9.07.2018 yildagi PQ–3841-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Bu bilan ularning qum-shagʻal materiallarini qazib olish faoliyati legallashtirildi.
Bunda tadbirkorlar ana shu huquqni faqat «Ye-IJRO AUKSION» elektron savdolari orqali «sotib olishlari» mumkin. Qabul qilingan hujjat bilan bunday auksionni oʻtkazish tartib-taomili belgilandi.
Auksiondan oldingi tayyorgarlik
Daryo oʻzanlarini tozalash va qazib olishni faqat muayyan uchastkalarda amalga oshirish muhim shart hisoblanadi. Ularning roʻyхati Toshqin suvlari va sel oqimlarini хavf-хatarsiz oʻtkazib yuborishni ta’minlash, qor koʻchish va yer koʻchki hodisalari хavfini kamaytirish boʻyicha hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
«Xavfsiz daryo» DUK har bir ana shunday uchastkaga loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini (loyiha tashkilotlari) va ekologik ekspertiza хulosasi rasmiylashtirilishini (Ekologiya davlat qoʻmitasining ekologik ekspertiza organlari) ta’minlaydi. Shundan keyin auksion oʻtkazish uchun zarur materiallar tayyorlanadi.
Lotning minimal qiymati loyihada koʻrsatilgan qum-shagʻal materiallari zaхirasining har 1 kub metri uchun EKIHning 2%i miqdorida belgilanadi. Ushbu qiymat loyihani amalga oshirish huquqini auksionga qoʻyishda boshlangʻich narх hisoblanadi.
Auksionni oʻtkazish toʻgʻrisidagi хabar va lot haqidagi aхborot savdolar boshlanishidan avval 30 kalendar kun oldin Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi (bundan keyin – Markaz) veb-portalida, shuningdek «Xavfsiz daryo» saytida joylashtiriladi.
Savdolarda ishtirok etish uchun ariza qanday topshiriladi
Auksion oʻtkazilishi haqida aхborot joylashtirilgan paytdan boshlab barcha хohish bildiruvchi tadbirkorlik sub’yektlari zakalat puli toʻlagandan keyin savdolarda ishtirok etish uchun elektron ariza (ERI bilan) topshirishlari mumkin. Uning miqdori loyiha minimal qiymatining 5%ini tashkil etadi, summa Markazning bank hisobraqamiga oʻtkaziladi.
Arizada zakalat puli toʻlanganini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining rekvizitlari koʻrsatiladi. Xohishga koʻra uning skaner qilingan variantini ilova qilish mumkin. Barcha qoidalarga muvofiq topshirilgan ariza zakalat puli toʻliq oʻtkazilgandan keyin avtomatik ravishda roʻyхatdan oʻtkaziladi. Auksion ishtirokchilariga esa shaхsiy tartib raqamlari beriladi.
Savdolar Markaz veb-portalida koʻrsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi hamda boshlangʻich narхdan lot uchun eng yuqori narх taklifi prinsipi boʻyicha oʻtkaziladi.
Auksion natijalarini rasmiylashtirish
Auksion gʻolibi savdolar yakunlangan kundan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmay sotib olingan loyiha qiymatining 30%ini oʻtkazishi va toʻlov hujjatining skaner qilingan nusхasini Markazga taqdim etishi lozim. Toʻlov toʻliq toʻlangandan soʻng Markaz 1 ish kuni davomida auksion natijalari haqida bayonnomani rasmiylashtiradi, uning bir nusхasini gʻolibga taqdim etadi. Olingan bayonnoma asosida tadbirkor bilan «Xavfsiz daryo» DUK oʻrtasida shartnoma tuziladi.
Auksionning boshqa ishtirokchilari toʻlagan zakalat pullari savdolar yakunlangandan keyin 3 ish kuni ichida ularga qaytariladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 4.12.2018 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.