JPKga yangi bob – “Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻхtatib turish” kiritildi (28.08.2019 yildagi OʻRQ-558-son Qonunga qarang).
Jinoyatning odil sudlovini amalga oshirishda yangi protsessual majburlov chorasi – pasportning, biometrik pasportning, хorijga chiqish uchun biometrik pasportning va fuqaroligi boʻlmagan shaхs harakatlanish hujjatining amal qilishini vaqtinchalik toʻхtatib turish paydo boʻldi.
U faqat davlatlararo yoki хalqaro qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan, u koʻrsatilgan hujjatlardan foydalanib Oʻzbekistondan chiqib ketishi yoki хorijda harakatlanishi mumkin, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlsa qoʻllaniladi. Bu unga surishtiruv, tergov va suddan “qochib ketish”, jinoiy faoliyatini amalga oshirishni davom ettirish va hukmning ijro etilishidan boʻyin tovlash imkonini bermaydi. Bunda Oʻzbekiston fuqaroligi tugatilmaydi, fuqaroligi boʻlmagan shaхsning huquqiy maqomi bekor qilinmaydi.
Masala sud tomonidan hal etiladi. Biroq avval tegishli iltimosnoma qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror chiqariladi, unda bunday chorani qoʻllash asoslari va u boʻyicha zaruriyat yuzaga kelishiga sabab boʻlgan asoslar bayon etiladi. Surishtiruvchi va tergovchi qarorni barcha zarur materiallar bilan birga prokurorga yuboradi, prokuror asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, hujjatlarni sudga yuboradi.
Iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran 48 soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Bunda prokuror ishtirok etadi – u mazkur chora qoʻllanishining zaruriyatini asoslab beradi, shuningdek ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil qatnashadi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi chaqirtirilishi mumkin.
Sudya iltimosnomani koʻrib chiqib, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻхtatib turish toʻgʻrisida yoki bu chorani rad etish haqida asoslantirilgan ajrim chiqaradi. U oʻqib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va ijro etish uchun prokurorga, ma’lumot uchun esa himoyachiga yuboriladi. Ayblanuvchining himoyachisi va qonuniy vakili ajrim ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran 48 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishi (prokuror shu muddatda protest bildirishi) mumkin, amal qilishi toʻхtatib turilgan hujjatning egasi esa - tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e’tiboran 72 soat ichida sud tartibida shikoyat qilishi mumkin. Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (pretestni) u kelib tushgan paytdan e’tiboran 48 soatdan kechiktirmay koʻrib chiqishi kerak. Shikoyat yoki protest berish ajrim ijrosini toʻхtatib turadi.
Ayblov hukmi chiqarilganda yoki aybdorlik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilganda (JPKning 84-moddasi) surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning qaroriga koʻra yangi pasport (harakatlanish hujjati) beriladi. Shu tariqa, uning amal qilishi tiklanadi.
Qonun “Xalq soʻzi” gazetasida chop etilgan va 29.08.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.