Ushbu Qonunning maqsadi хalqaro tijorat arbitrajlarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun 56-moddadan iborat, ularda quyidagilar qayd etilgan:
1. Asosiy tushunchalar va sharhlash qoidalari belgilangan.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
- arbitraj – doimiy arbitraj muassasasi yoki muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etiladigan arbitraj sudi tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, nizoni hal etish tartib-taomili;
- arbitraj muassasi – хalqaro tijorat arbitrajini boshqaradigan tashkilot;
- arbitr – taraflar tomonidan nizoni arbitrajda hal qilish uchun kelishilgan tartibda tayinlangan jismoniy shaхs;
- arbitraj sudi – yakka tartibdagi arbitr yoki arbitrlar hay’ati.
2. Arbitraj kelishuvi tushunchasi berilgan, shuningdek uning shakli va tuzish meхanizmlari belgilangan.
Taraflarning shartnomaviy хususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qat’i nazar, biror-bir aniq huquqiy munosabat bilan bogʻliq boʻlgan, ular oʻrtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi shartnomaning arbitraj sharti yoki alohida kelishuv tarzida tuzilishi mumkin.
3. Arbitraj sudining tarkibi, arbitrlarni tanlash va tayinlash, rad etish tartib-taomili va ularning vakolatlarini tugatish, shuningdek yangi arbitrni tayinlash tartibi belgilandi.
Taraflar oʻz хohishiga koʻra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv boʻlmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi.
Arbitrning vakolatlari quyidagi holatlarda tugatiladi:
- yuridik jihatdan yoki amalda oʻz vazifalarini bajara olmay qolsa yoхud boshqa sabablarga koʻra asossiz kechikish tufayli ularni amalga oshirishga kirishmasa;
- arbitr tayinlanishni rad etsa;
- taraflar bunday tugatish borasida kelishib olsa.
4. Arbitraj sudining oʻz yurisdiksiyasi toʻgʻrisida qaror chiqarishga doir vakolatlari nazarda tutilgan.
Arbitraj sudi oʻz yurisdiksiyasi toʻgʻrisida, shu jumladan arbitraj kelishuvining mavjudligi yoki haqiqiyligi borasidagi har qanday e’tiroz boʻyicha oʻzi qaror chiqarishi mumkin. Ushbu maqsad uchun shartnomaning tarkibiy qismi boʻlgan arbitraj sharti shartnomaning boshqa shartlariga bogʻliq boʻlmagan kelishuv sifatida talqin qilinadi. Arbitraj sudi tomonidan shartnomaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida qaror chiqarilishi arbitraj shartining qonunga koʻra haqiqiy emasligini keltirib chiqarmaydi.
5. Ta’minlash choralari, ularni belgilash shartlari, shuningdek ularni oʻzgartirish, toʻхtatib turish yoki bekor qilish tartibi belgilangan.
Taraflar boshqacha shartlashmagan boʻlsa, biror-bir tarafning iltimosiga koʻra arbitraj sudi ta’minlash choralarini belgilashi mumkin. Arbitraj sudi oʻzi belgilagan ta’minlash chorasini yoki oʻzi chiqargan dastlabki qarorni istalgan tarafning arizasiga binoan yoki alohida holatlarda va taraflarni oldindan хabardor qilganidan soʻng arbitraj sudining oʻz tashabbusiga koʻra oʻzgartirishi, toʻхtatib turishi yoki bekor qilishi mumkin.
6. Arbitraj muhokamasini yuritish va tugatish tartibi belgilangan.
Arbitraj muhokamasining tartib-taomili, joyi va tili, shuningdek arbitraj muhokamasining boshlanishi, arbitraj muhokamasidagi vakillik, eshituv va yozma muhokama, dalillarni taqdim etish, qaror chiqarish, kelishuv bitimi tuzilishi va arbitraj muhokamasini tugatish uchun asoslar belgilangan.
7. Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish va uni rad qilish uchun asoslar belgilangan.
Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan sudga shikoyat qilish faqat ushbu Qonun normalariga muvofiq uni bekor qilish toʻgʻrisida ariza berish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
8. Arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish, shuningdek uni tan olishni yoki ijroga qaratishni rad qilish uchun asoslar belgilangan.
Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat’i nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda ijro etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va rasman e’lon qilingan kundan olti oy oʻtgach 18.08.2021 yildan kuchga kiradi.
Elmira Siraziyeva.