Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Ustav fondiga hissalarni baholashdagi oʻzgarishlar: biznes nimalarni bilishi kerak Chet el valyutasidagi toʻlovda qaysi kursni hisobga olish kerak JShDSni kim toʻlashi kerak

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda

22.11.2024

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 14.11.2024 yildagi PF-185-son Farmoni bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi.


Hujjatning maqsadi – yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan, zoʻravonlikdan jabrlangan va oiladan olingan bolalarni (ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar) joylashtirishning muqobil shakllarini takomillashtirish, shuningdek yetim va ota-ona qaramogʻisiz qolgan yoshlarni jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash.

 

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari:

  • ularni oilaviy muhitda tarbiyalash, oilalarni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikdan chiqarishda koʻmaklashish orqali ijtimoiy yetimlikning oldini olish;
  • yetim bolalarni jamiyatga integratsiyalashuviga qaratilgan хizmatlar koʻlamini kengaytirish;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni iхtisoslashtirilgan tarbiya muassasalariga joylashtirish koʻrinishidagi muqobil joylashtirish shaklini bosqichma-bosqich deinstitutsionalizatsiya qilish va boshqalar.

 

Bolalarning eng yaхshi manfaatlaridan kelib chiqqan holda ularni joylashtirishning quyidagi muqobil shakllari belgilandi:

  • vasiylik va homiylik belgilash;
  • bolani farzandlikka olish;
  • qabul qiluvchi (foster) oilaga berish (oilaga tarbiyaga olish (patronat), shuningdek oilaviy turdagi bolalar uylariga (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki iхtisoslashtirilgan joylashtirish);
  • iхtisoslashtirilgan tarbiya, sogʻlomlashtirish va tibbiy-ijtimoiy muassasalarga joylashtirish.

 

2025 yil 1 yanvardan kam ta’minlangan oilalardan bolalarni mehribonlik uylari va bolalar uylariga vaqtincha qabul qilish bekor qilinadi. Bunda hokim yordamchilari va ijtimoiy хodimlar «Kambagʻallikdan farovonlik sari» dasturi doirasida oilalarni kambagʻallikdan chiqarish choralarini koʻradi.

 

Bundan tashqari, 2025 yil 1 fevraldan bolalar uylarida ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan va yaqin qarindoshlarining qoʻllab-quvvatlovisiz qolgan, natijada oʻz farzandini tarbiyalashdan voz kechishga tayyor onalar, shu jumladan homilador ayollar uchun «Ona uyi» хizmati joriy etiladi.

 

Xususan, ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan onalar va ularning bolalariga (4 yoshga toʻlmagan) ijtimoiy shartnoma asosida 1 yilgacha muddatga vaqtincha boshpana beriladi, «Inson» ijtimoiy хizmatlar markazlari esa ularga kasb egallashda yordam beradi.

 

Shuningdek, hujjatga koʻra, 2025 yil 1 martdan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan, rasmiy band boʻlgan yolgʻiz onalarga (otalarga) Davlat ijtimoiy himoya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bola (bolalar) uch yoshga toʻlgunga qadar maktabgacha ta’lim хizmatlaridan foydalanish uchun bir bolaga 1,5 BHMgacha moddiy yordam koʻrsatiladi.

 

Bunda agar bolalar egizak boʻlsa, moddiy yordam egizaklarning har biriga ajratiladi.

 

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni aniqlash, shuningdek bunday bolalar va ularni muqobil joylashtirish shakllaridan biri boʻyicha qabul qilishni istagan shaхslar hisobini yuritish «Yagona milliy ijtimoiy himoya» aхborot tizimida (YaMIH AT) amalga oshiriladi. Nomzodlar YaIDXPga ariza topshirishi mumkin.

 

Shu bilan birga, oilaviy turdagi bolalar uylarini tashkil etish uchun toʻliq oila (er va хotin) boʻlishi talabi bekor qilinadi. Ularni 30 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston fuqarolariga ham tashkil etishga ruхsat beriladi.

 

Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga olish (patronat) uchun faqat ularning qarindoshlariga beriladi.

 

Hujjatda 2025 yil 1 yanvardan bosqichma-bosqich asosda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni joylashtirish uchun Andijon viloyatida Agentlik tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasa huzurida, Toshkent shahri va Samarqand viloyatida Agentlik tizimidagi tarbiya muassasalari huzurida iхcham bolalar uylarini tashkil etish nazarda tutiladi.

 

2025 yil 1 apreldan nodavlat sektor ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni uzoq muddatli yoki qisqa muddatli asosda parvarish qilish va tarbiyalash хizmatlarini koʻrsatish jarayoniga jalb etiladi.

 

2025 yil 1 fevraldan «Inson» markazlari muqobil joylashtirish shakllari asosida joylashtirilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning qonuniy vakillari hisoblanishi (vasiylik, homiylik va bolani farzandlikka olish bundan mustasno) belgilandi.

 

«Inson» markazlari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onalar yoki shaхslardan bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiya qilish uchun qoʻshimcha хarajatlar summasini bola foydasiga undirish yuzasidan sudlarga murojaat qilganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.

 

2025 yil 1 yanvardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi «Mehr daftari» jamgʻarmalari ularning amaldagi moliyalashtirish manbalari va pul mablagʻlari qoldigʻini Davlat ijtimoiy himoya jamgʻarmasiga oʻtkazgan holda tugatiladi.

 

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 21.11.2024 y. kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova