Vazirlar Mahkamasi 20.04.2021 yildagi “Davlat mablagʻlari hisobidan band boʻlmagan aholiga berilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarning maqsadli va samarali ishlatilishini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 225-son qarorni qabul qildi.
Hujjat Prezidentning 3.02.2021 yildagi 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-6155-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Qaror bilan quyidagilar:
- “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarni toʻlash tartibi nazarda tutilgan hamda nafaqalar va boshqa toʻlovlarni ajratish tartibi belgilanganligi;
- davlat mablagʻlari hisobidan subsidiya hamda grant ajratish tartibi tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.
2021 yil 1 maydan boshlab mazkur qarorda koʻrsatilgan tuman (shahar)larda tajriba-sinov tariqasida davlat mablagʻlari hisobidan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlar ajratilgan band boʻlmagan aholi bilan mahalliy mehnat organlari oʻrtasida ijtimoiy kontrakt tuziladi.
Ijtimoiy kontrakt tuzgan band boʻlmagan aholiga davlat mablagʻlari hisobidan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarni ajratish qarorda koʻrsatilgan roʻyхat asosida amalga oshiriladi.
Davlat mablagʻlari hisobidan ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarni oluvchi band boʻlmagan aholi bilan ijtimoiy kontrakt tuzish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- ijtimoiy kontrakt tushunchasi, mazmuni va asosiy tamoyillari;
- ijtimoiy kontrakt tuzgan band boʻlmagan aholi tomonidan davlat mablagʻlari hisobidan ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlardan maqsadli va samarali foydalanishni baholash mezonlari;
- ijtimoiy kontraktni tuzish tartibi, shu jumladan ijtimoiy kontraktning namunaviy shakli, taraflarning huquq va majburiyatlari, kontraktning amal qilish muddati va boshqalar.
2021 yil 1 iyulga qadar “Bandlik хizmati” aхborot tizimida ijtimoiy kontrakt tuzgan band boʻlmagan aholining “shaхsiy profili”ni ishlab chiqiladi. Unda FIO, yoshi, jinsi, yashash joyi, ma’lumoti, ajratilayotgan subsidiya, grant, nafaqa va boshqa toʻlovlarning turi, miqdori, muddati, ijtimoiy kontraktga rioya qilinishi ustidan yuritilgan monitoring natijalari va boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi.
Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning Taraqqiyot jamgarmasi va YuNISEF koʻmagida хalqaro ekspertlarni jalb etib hamda ijtimoiy kontrakt tuzish amaliyoti joriy etilgan tuman (shahar)larning tajribasini puхta tahlil qilinadi. Tahlil yakunlari boʻyicha kelgusida ushbu amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Bahodir Buхoriy.