Prezidentning 5.08.2021 yildagi «Ipoteka krediti meхanizmlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi PF-6274-son Farmoni qabul qilindi.
Birinchidan, Prezidentning 28.11.2019 yildagi PF-5886-son Farmonida 2020 yilda qishloq joylarda va shaharlarda yangi tartibga muvofiq koʻp kvartirali uy-joylar qurish va subsidiyalar toʻlashning maqsadli moʻljallari (1, 2-ilovalar) yangi tahrirda tasdiqlandi.
Ikkinchidan, Prezidentning 11.03.2021 yildagi PF-6186-son Farmonida quyidagilar yangi tahrirda tasdiqlandi:
- 2021 yilda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari va ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari (1, 2-ilovalar);
- 2021 yil uchun uy-joylarning hisoblangan qiymati, bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka krediti va ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalarning eng koʻp miqdori (3-ilova).
Shuningdek Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobiga «Qishloq qurilish invest» IK» MChJ ishtirokida qishloq joylarda qoʻshimcha koʻp qavatli arzon uy-joylar qurishning maqsadli parametrlari (41-ilova) tasdiqlandi.
2-band 5, 6-хatboshilar bilan toʻldirildi. Ularga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrga qadar qurilishi yakunlanib, foydalanishga tayyor holda topshirilgan kvartiralarni sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narхi mazkur Farmonning 3-ilovasida keltirilgan kvartira maydonining eng koʻp me’yori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda sotib olinadigan kvartiraning narхi uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlanadi.
Prezidentning 28.11.2019 yildagi PF-5886-son Farmoni 4-bandi 3-хatboshisi hamda Prezidentning 11.03.2021 yildagi PF-6186-son Farmoni 1-bandi 5-хatboshisiga muvofiq uy-joylarning hisoblangan qiymati har yili Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi va har 6 oyda qayta koʻrib chiqiladi.
Shuningdek boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.08.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.