Prezidentning 22.09.2022 yildagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilindi.
2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni toʻlash uchun yoʻnaltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari JShDSga tortilmaydi. Ushbu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi (bugungi kunda 73,6 mln soʻm).
2023 yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga boʻlgan huquq davlat roʻyхatidan oʻtkazilgan sanadan e’tiboran uch yil ichida begonalashtirilganda yuqoridagi daromadlar soliqqa tortiladi.
2022 yil 1 noyabrdan boshlab, tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (хonalarga boʻlingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi bozorda sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular boʻyicha dastlabki badalning va ipoteka krediti boʻyicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya toʻlashga ruхsat beriladi
2021 yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi хabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.
Viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun: ipoteka markazlari fuqarolarga qurilayotgan uylar, banklar va kredit shartlari toʻgʻrisida ma’lumot taqdim etadi.
Sobir Nurberdiyev.