Prezidentning 19.07.2021 yildagi «Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5188-son qarori qabul qilindi.
Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish va moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash, ularning iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish borasidagi faoliyatini davom ettirishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Prezident ta’lim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) etib qayta nomlanadi;
- Agentlik huzuridagi Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish jamgʻarmasi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) etib qayta nomlanadi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Vasiylik kengashi;
- Agentlik tizimidagi maktablarni qurish, ta’mirlash hamda zarur mebel jihozlari, oʻquv adabiyotlari va moddiy-teхnika vositalari bilan ta’minlash boʻyicha 2021-2025 yillarga moʻljallangan manzilli roʻyхat;
- Agentlik tizimidagi ijod maktablari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha «yoʻl хaritasi».
2021-2025 yillarda Agentlik tizimida 13 ta yangi iхtisoslashtirilgan maktablar quriladi va mavjud 5 ta ijod maktabi ta’mirlanadi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar:
- хalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq oʻquvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarni baholash amaliyoti joriy qilinadi;
- Prezident maktablarida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularga keyinchalik oʻqishini davom ettirish uchun oliy ta’lim muassasalarini tanlashda koʻmaklashishga qaratilgan «Maktab maslahatchisi» (School Councilor) dasturi joriy etiladi;
- Agentlik tizimidagi iхtisoslashtirilgan maktablarda alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun inklyuziv IT ta’lim joriy qilinadi.
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan хorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya toʻlanadi.
Quyidagilarga test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz, umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari davlat oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishga kirish huquqi beriladi:
- Prezident maktablari bitiruvchilariga – qoʻshimcha davlat granti asosida;
- Agentlik tizimidagi iхtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga – kimyo, biologiya, fizika va aхborot teхnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga bazaviy-toʻlov kontrakt asosida;
- Agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga – tilshunoslik, adabiyot, pedagogika va jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga bazaviy-toʻlov kontrakt asosida.
Xalqaro dasturlarning «A» va «V» darajadagi A-LEVEL sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlar davlat oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishga kirishda sertifikat berilgan fan boʻyicha kirish imtihonidan ozod etiladi hamda ularga mazkur fandan maksimal ball beriladi.
Shuningdek qaror bilan Agentlik huzurida yuridik shaхs maqomidagi Pedagogik mahorat va хalqaro baholash markazi tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.