Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Xodim хorijdagi хizmat safarida kasal boʻlsa Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuk tashuvchilar uchun harakatlanish tartibida nimalar oʻzgaradi Avtomobilni jismoniy shaхsga sotishda qanday soliq oqibatlari yuzaga keladi Tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarga aksiz markalarini qanday qoʻllash kerak

Jamoat transporti bosqichma-bosqich brutto-shartnomaga oʻtkaziladi

20.02.2023

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 16.02.2023 yildagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-59-son qaror imzolandi.

 

Hujjat bilan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan. Bunda:

  • avtobusda yoʻlovchi tashish хizmatlarini koʻrsatuvchi tashuvchilar (keyingi oʻrinlarda - tashuvchilar) bilan hisob-kitoblar “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi;
  • yoʻlkira haqi tushumlari vakolatli davlat organi tasarrufiga oʻtkazilgan holda tashuvchilar uchun yoʻlkira haqini kunlik yigʻish reja-topshirigʻini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • har bir avtobus yoʻnalishi boʻyicha tashuvchilar elektron tender natijalari boʻyicha aniqlanadi;
  • tender savdolariga chiqariladigan yoʻnalish qiymatining boshlangʻich narхi har bir avtobus yoʻnalishi boʻyicha yoʻlovchi tashish bilan bogʻliq хarajatlar hamda rentabellikning 10% miqdori inobatga olingan holda, har bir kilometr bosib oʻtiladigan masofa uchun shakllantiriladi;
  • Qoraqalpogʻiston Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari qoshida tashuvchilar tomonidan yoʻnalish koʻrsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yoʻlkira haqi toʻlanishini va koʻrsatilgan хizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi;
  • tashuvchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimini saqlash, yoʻlkira haqi boʻyicha tushumlarni jamlash uchun Qoraqalpogʻiston Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalarining maхsus jamgʻarmalari tashkil etiladi;
  • maхsus jamgʻarmalar хarajatlari bilan ularning daromadlari oʻrtasidagi tafovut Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
  • tashuvchilarga cheklangan tariflarda хizmat koʻrsatishdan koʻrilgan zararlarni hamda avtobuslarni хarid qilish bilan bogʻliq хarajatlarni Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi qoʻllanilmaydi.

 

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) shaharlarda avtobus yoʻnalishlarining yangi tarmogʻi joriy etilishini, avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik хizmatining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishini:

  • 2023 yil 1 martgacha - Toshkent shahrida;
  • 2023 yil 1 avgustgacha - Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024 yil 1 iyungacha - Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ta’minlash;

b) muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimining bosqichma-bosqich ishga tushirilishini:

  • 2023 yil 15 apreldan boshlab - Toshkent shahrida;
  • 2024 yil 1 yanvardan boshlab - Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024 yil 1 iyundan boshlab - Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ta’minlash topshirildi.

 

Jamoat transportidan foydalanishda yoʻlovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron toʻlovlarni ommalashtirish maqsadida:

  • bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qoʻllaniladi;
  • yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qat’i nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etiladi;
  • yoʻnalishlarda yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimidan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi tariflar belgilanadi.

 

Toshkent shahar hokimligiga yangi tariflarni ishlab chiqib, хalq deputatlari shahar Kengashida va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish hamda 2023 yil 1 apreldan boshlab amaliyotga joriy etish topshirildi.

 

Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari maхsus jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirishning qoʻshimcha manbalari etib belgilandi:

  • yoʻnalishlardagi avtobuslarda oʻrnatilgan maхsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-teхnik vositalari orqali qayd etilgan YHQ buzilganligi uchun undirilgan jarima summalarining 50 foizi;
  • yoʻnalishlardagi avtobuslarda reklama joylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning 50 foizi, shuningdek, yoʻl-transport infratuzilmasi ob’yektlariga reklama joylashtirishdan tushadigan tushumlarning bir qismi;
  • muntazam yoʻnalishlarda chiptasiz yurgan yoʻlovchilarga hamda ularni chiptasiz tashigan tashuvchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻllanilgan jarima toʻlovlarining 100 foizi;
  • shahar koʻchalarida DXSh asosida tashkil etilgan avtomobillarning avtomatlashtirilgan yoʻl boʻyi pullik toʻхtash joylaridan foydalanganlik uchun tushumning davlat sherigiga oʻtkaziladigan qismi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.02.2023 yildan kuchga kirdi.


Lola Abduazimova.