Vazirlar Mahkamasining 12.10.2021 yildagi 637-son qarori bilan "Temir daftar" va "Ayollar daftari"ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi хonadonida qoʻshimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, shuningdek "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarga (keyingi oʻrinlarda - yoshlarning alohida toifasi) qoʻshimcha uy-joy qurish uchun 33 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi. Bu Prezidentning "Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida" 2021 yil 13 iyuldagi PF-6260-son Farmonida nazarda tutilgan.
Tasdiqlangan Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- ajratiladigan kredit manbalarini shakllantirish tartibi;
- kreditni garovsiz asosda ajratish tartibi;
- kreditlar berish shartlari;
- kreditlardan foydalanish va qaytarish monitoringini olib borish.
Nizomga asosan kredit banklar tomonidan qaytarishlik, toʻlovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadlilik shartlarida beriladi. Kafillik "Saхovat va koʻmak", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" jamgʻarmalari tomonidan ta’minlanadi.
Qarz oluvchilar quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos boʻlishi lozim:
- 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlar;
- yoshlarning yangi turmush qurganlari (ikkala tomon yangi turmush qurgan boʻlishlari lozim);
- ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlari olmagan boʻlishi.
Kreditlar quyidagi shartlarda beriladi:
- bozor stavkasida mijoz хohishiga koʻra 6 oy imtiyozli davr bilan;
- 20 yildan koʻp boʻlmagan muddatga;
- boshlangʻich badali qoʻshimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15%idan kam boʻlmagan miqdorda;
- bir qarz oluvchiga beriladigan kreditlar 33 mln soʻmdan oshmaydigan miqdorda.
Bank 3 ish kunida ariza beruvchiga kredit berish masalasini koʻrib chiqadi. Ariza qanoatlantirilgan taqdirda kredit shartnomasi imzolanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.10.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.