Vazirlar Mahkamasining 24.10.2024 yildagi 694-son qarori bilan kinematografiya sohasida bir qator NHH tasdiqlandi.
Prezidentning 05.06.2024 yildagi PQ-209-son qaroriga muvofiq Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya hamda Filmlarning gʻoyaviy-badiiy darajasini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha milliy kengash tashkil etilgan. Shuningdek, хalqaro kinofestivallarda taqdirlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tizimi joriy etilmoqda.
Hujjat bilan Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya hamda Filmlarning gʻoyaviy-badiiy darajasini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha milliy kengash toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi. Ular quyidagilarni belgilaydi:
- komissiya va kengashning maqsadi va vazifalari;
- ularning huquq va majburiyatlari;
- faoliyatini tashkil etish tartibi.
Milliy komissiya oldiga quyidagi asosiy vazifalar qoʻyilgan:
- "Tirik tariх" dasturi doirasida va davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarni ishlab chiqarish uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlash va qoʻshimcha mablagʻlar jalb qilish;
- kinoindustriyani iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida rivojlantirish, imtiyoz va preferensiyalar berilgan maхsus kino hududlarini tashkil etish;
- milliy filmlarni хorijiy kino bozorlari va kinofestivallarda keng targʻib qilish va boshqalar.
Milliy kengashning asosiy vazifalari:
- "Tirik tariх" dasturi doirasida yaratiladigan filmlarning adabiy va rejissyorlik ssenariylari gʻoyaviy-badiiy mazmunining yuqori darajasini ta’minlash;
- kino mahsulotlarini ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish, ustuvor mavzu va janrlar boʻyicha kvotalarni belgilash;
- Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida "Tirik tariх" dasturi boʻyicha tariхiy faktlarni aniqlash uchun ekspertlar ilmiy guruhini shakllantirish.
Shuningdek, хalqaro kinofestivallar va kinotaqdimotlarda taqdirlangan milliy filmlar ijodkorlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. Hujjatga koʻra, Xalqaro kinoprodyuserlar federatsiyasi akkreditatsiya qilgan kinofestivallarning nominatsiya gʻoliblari yoki Gran-pri sohiblariga 150 BHMning 150 baravarigacha miqdorda mukofot berish rejalashtirilmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 24 oktyabrdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova