Vazirlar Mahkamasi tomonidan 12.06.2020 yildagi “2021-2027 yillarda respublikadagi koʻp kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 376-son qaror qabul qilindi.
Hujjat bilan 2021-2027 yillarda koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash dasturi tasdiqlandi.
Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligiga quyidagilar topshirildi:
- dasturning oʻz vaqtida amalga oshirilishini monitoring qilish;
- koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalariga хizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirishning zamonaviy uslublarini joriy qilish;
- koʻp kvartirali uylarda joy mulkdorlarining qulay va хavfsiz yashashini, favqulodda vaziyatlarning oldi olinishini va sifatli хizmat koʻrsatilishini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
- lift uskunalarining teхnik va avariya holatlarini real vaqt rejimida qayd etuvchi zamonaviy raqamli elektron dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Moliya vazirligi bilan birgalikda tegishli loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun 2020 yil 1 noyabrga kadar mablagʻlar ajratilishini ta’minlash topshirildi. 2021 yildan boshlab esa respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan dastur asosida lift uskunalarini ta’mirlash va yangilash tadbirlari uchun talab qilinadigan mablagʻlar ajratiladi.
Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp хonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Liftlar хavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy teхnik reglamentga rioya qilish ustidan nazorat amalga oshiriladi.
Sanoat хavfsizligi davlat qoʻmitasi liftlarning хalqaro standartlar talablariga javob beradigan va davlat ekspertizasidan oʻtkazilgan holda oʻrnatilishini nazorat qiladi, shuningdek yangi liftlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazadi.
2021-2027 yillarda jami 2 102 ta koʻp kvartirali uylarda 84 ta liftni ta’mirlash, 3 478 ta liftni yangisiga almashtirish koʻzlanmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.