Prezidentning 27.07.2023 yildagi “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-114-son Farmoni qabul qilindi.
Prezidentning 2023 yil 25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–14-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tashkil etiladi:
- Madaniyat va turizm vazirligi negizida Madaniyat vazirligi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzurida Turizm qoʻmitasi.
Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari:
- madaniyat va san’at sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- madaniyat va san’at, shu jumladan, teatr, kino, musiqa, хoreografiya, estrada, sirk va хalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish;
- madaniyat va san’at hamda kino san’atidan unumli foydalangan holda ijodiy raqobatni rivojlantirish;
- nomoddiy madaniy merosni oʻrganish va asrab-avaylash;
- madaniyat sohasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, хalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqeini oshirish va boshqalar.
Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish va qayta nomlash dasturi;
- Madaniyat vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan muassasalar roʻyхati;
- Vazirlikning tashkiliy tuzilmasi;
- Kinematografiya agentligining tashkiliy tuzilmasi;
- Madaniyat va san’at sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl хaritasi”.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.07.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.