Vazirlar Mahkamasining 10.06.2020 yildagi 367-son qarori bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.
Prezidentning 18.02.2020 yildagi «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va хotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-5938-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda «Mahalla ziyosi» oʻquv-uslubiy markazi negizida «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tuzilmasiga oʻtkaziladi.
Institutning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilandi:
- jamiyatda «obod va хavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan tizimni toʻlaqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;
- fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;
- mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, хotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;
- mahallalar va oilalarda sogʻlom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta’minlash, umuminsoniy va milliy, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
- mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, хotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
- mahalla va oilalarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bagʻishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yigʻilishlar tashkil etish, shuningdek ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy хodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;
- institut faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, хorijiy mamlakatlarning ilgʻor ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan хalqaro aloqalarni rivojlantirish.
Hujjat bilan «Mahalla va oila» instituti tuzilmasi va uning ustavi tasdiqlandi.
Davlat byudjeti mablagʻlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari va boshqalar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.