Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 avgustdagi 486-son "Mahallalarda aholi muammolarini aniqlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.
2024 yil 1 oktyabrdan boshlab fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va hal qilish bilan "Mahalla yettiligi" vakillari yagona soʻrovnoma asosida shugʻullanadi. U "Raqamli mahalla" platformasida joylashtiriladi. "Mahalla yettiligi" foydalanayotgan mavjud elektron platformalar "Raqamli mahalla" platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Hujjat bilan Yagona soʻrovnoma asosida fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- yagona soʻrovnoma asosida aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlarning majburiyatlari;
- soʻrovlarni oʻtkazish bosqichlari va usullari;
- "mahalla yettiligi" reytingini yuritish va "Raqamli mahalla" platformasida ishlash tartiblari.
Fuqarolar muammolarini yagona soʻrovnoma yordamida oʻrganish quyidagi hollarda tashkil etiladi:
- fuqaroning murojaati asosida;
- "eshikma-eshik" yurish natijalari boʻyicha;
- boshqa fuqarolarning shaхsning ijtimoiy-iqtisodiy yordam (хizmat)ga ehtiyoji toʻgʻrisida хabar berishi.
Hujjat qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024 yil 7 avgustdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.