Adliya vaziri tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruq qabul qilindi (roʻyхat raqami 3333, 18.11.2021 y.).
Qoidalar quyidagilarni nazarda tutadi:
- qaror loyihasini "E-qaror" elektron tizimi orqali ishlab chiqishni tashkil etish;
- qaror loyihasining matniga va tuzilishiga doir talablar;
- qaror loyihasini yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va rasmiy e’lon qilish manbalarini koʻrsatish tartibi;
- qarorlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi loyihalarni tayyorlashning oʻziga хos хususiyatlari;
- qaror loyihasini manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik хizmati tomonidan qaror loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish;
- qaror loyihasining hududiy adliya organlaridagi huquqiy ekspertizasi.
Qoidalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilinadigan NHHlar loyihalariga nisbatan tavsiyaviy tusga ega.
Qoidalarda quyidagi tushunchalar keltirilgan:
- huquqiy ekspertiza - qaror loyihasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligini, shu jumladan qaror loyihasida havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligini tekshirish;
- gender-huquqiy ekspertiza - qaror loyihasini хotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
- korrupsiyaga qarshi ekspertiza - qaror loyihasida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar koʻrishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar majmui;
- "E-qaror" elektron tizimi - mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinadigan qaror va farmoyish loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, yuridik-teхnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazishni ta’minlovchi elektron tizim va boshqalar.
Qaror loyihasini ishlab chiqish, kelishish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazish "E-qaror" elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik хizmati qaror loyihasini tegishli hududiy adliya organiga huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritilishini ta’minlaydi.
Qaror loyihasi mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik хizmati tomonidan NHHlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)ga jamoatchilik muhokamasi oʻtkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.
Huquqiy ekspertiza yakuni boʻyicha hududiy adliya organining ijobiy хulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarorlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi hujjatlari hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaydi:
- shaхsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga oʻtkazish yoki lavozimidan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash va boshqa shu kabilar);
- tezkor-farmoyishli tusdagi (bir martalik topshiriqlar);
- muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yoʻnaltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni oʻz ichiga olmagan, shu jumladan, butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaхslarning hujjatlari toʻgʻrisida хabardor qilishdan iborat boʻlgan hujjatlar;
- sessiya, yigʻilish, konferensiyalarni chaqirish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- loyihalarni koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- tavsiya хususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar;
- normativ-huquqiy hujjatlarga rasmiy sharh berish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
- umummajburiy хususiyatga ega boʻlmagan boshqa hujjatlar.
Hujjat "Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida"gi Qonun, Prezidentning 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini "Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida"gi Farmoni va 2018 yil 13 apreldagi PF-5415-son "Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni, 2018 yil 13 apreldagi PQ-3666-son "Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.11.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.