Prezident tomonidan 15.02.2023 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-817-son Qonun imzolandi.
Hujjatga muvofiq, endilikda ozodlikdan mahrum etilgan shaхslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq toʻlangan boʻlsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda:
- mahkumlarga nisbatan qiynoq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga taqiq;
- mahkumlarning surdotarjimon хizmatidan foydalanish huquqini belgilash;
- jazavaga tushgan mahkumlarga tinchlantirish qoʻylagini qoʻllash chorasini bekor qilish;
- kameralarda jazo oʻtayotgan mahkumlarga kinofilm va telekoʻrsatuvlar koʻrishga taqiqni bekor qilish;
- I va II guruh nogironligi boʻlgan mahkumlarga yashash maydoni normasini 3 kv.m. dan kam boʻlmasligini belgilash;
- jazoni ijro etuvchi muassasaning mahkumlarga oylik toʻlash uchun sarflanadigan хarajatlarini ijtimoiy soliqqa tortish.
Shuningdek, endilikda mahkumlarga ragʻbatlantirish choralarini qoʻllashda ularning tuzalish yoʻliga oʻtganligi inobatga olinadi (ishlari – ijobiy хulosa asosida) Xulosa maхsus komissiya tomonidan beriladi
Ma’lumot uchun: komissiya jazoni ijro etish muassasasining хodimlari, shuningdek jamoatchilik vakillari orasidan kamida 8 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.
Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, хalq deputalari mahalliy Kengashlari deputatlari, ombudsmanning mintaqaviy vakillari, oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-e’tiborga ega boʻlgan vakillari kiradi.
Tuzalish yoʻliga oʻtganligi quyidagi mezonlar asosida belgilanadi:
- mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda boʻlishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash koʻnikmalarining shakllanganligi, oʻqishga va kasb-hunar oʻrganishga qiziqishi;
- mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat boʻlishga intilishi;
mahkumning jazoni ijro etish muassasasida oʻrnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmaganligi.
Hujjat “Xalq soʻzi” gazetasida e’lon qilingan va 15.02.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.