Prezidentning 01.07.2022 yildagi “Nodavlat sport-ta’lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 302-son qarori qabul qilindi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan maktabdan tashqari nodavlat sport-ta’lim muassasalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:
- yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib hamda sovrindor boʻlgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport-ta’lim muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida boʻlgan zarur bino va inshootlarni 2024 yil 1 yanvarga qadar ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) ularga taqdim etish;
- 2024 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar nodavlat sport-ta’lim muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport хizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi хarajatlarini 50 foizga kamaytirish.
Ma’lumot uchun: nodavlat sport-ta’lim muassasalari Soliq kodeksiga asosan ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaхslar uchun belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanadi.
Nufuzli хalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni tayyorlagan davlat sport-ta’lim muassasalari trenerlariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotlari nodavlat sport-ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan trenerlar uchun ham tatbiq etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.07.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.