Vazirlar Mahkamasining 6.02.2019 yildagi 94-son qarori bilan ularni aniqlash, tasdiqlanadigan roʻyхatga kiritish, saqlash uchun mablagʻlar ajratish, shuningdek foydalanilishi ustidan monitoring olib borish tartibi tasdiqlandi.
Tadqiqot ishlarining saviyasini jahon andozalari darajasiga koʻtarishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan, roʻyхatga kiritilgan ilmiy ob’yektlar – ilmiy muassasalar, ilmiy faoliyatga moʻljallangan noyob asbob-uskunalar, kolleksiyalar, nodir jamgʻarmalar va boshqa ob’yektlar noyob hisoblanadi.
2 oy muddatda oʻtkaziladigan хatlov asosida roʻyхat shakllantiriladi va belgilangan mezonlar boʻyicha tasdiqlanadi.
Ob’yektni noyob deb topish uchun quyidagi mezonlar boʻyicha baholaydilar:
- ob’yektning respublikada yagona (noyob) boʻlishi;
- ilmiy-amaliy ahamiyatga ega va ilmiy tadqiqotlarda foydalanilayotgan boʻlishi;
- tegishli sohada ushbu ob’yektsiz fundamental yoki amaliy tadqiqot olib borishning imkonsizligi;
- moddiy jihatdan yuqori qiymatga ega boʻlishi.
Roʻyхatni shakllantirish, ob’yektlar saqlanishini moliyalashtirish
Innovatsion rivojlanish vazirligi roʻyхatni shakllantirish va tasdiqlash uchun mas’ul etib tayinlandi. Idora har yili 10 martga qadar oʻzining rasmiy saytida ob’yektlarni roʻyхatga kiritish boʻyicha takliflar toʻplanayotganligi haqida e’lon beradi. Tegishli vazirlik va idoralar oʻz navbatida 25 martgacha oʻz tasarrufidagi oliy ta’lim va ilmiy muassasalardan takliflarni qabul qiladi, ularni oʻz hay’at majlislarida muhokama qiladi va 1 aprelgacha Innovatsion rivojlanish vazirligiga kiritadi. Vazirlik 30 aprelgacha barcha hujjatlarni oʻrganib chiqib, roʻyхatni tasdiqlaydi va uni oʻz saytida joylashtiradi.
Tasdiqlangan roʻyхatga kiritilgan ob’yektlari boʻlgan vazirlik va idoralar kelgusi moliya yilida saqlash uchun zarur mablagʻlar aks ettirilgan byudjet soʻrovini 1 iyunga qadar Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadilar. Vazirlik barcha soʻrovlarni jamlab, jamlanma byudjet buyurtmasini shakllantiradi va uni Moliya vazirligiga taqdim etadi. Moliyalashtirish «Fan» sohasi uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Ob’yektlardan foydalanish va saqlash uchun mablagʻlar sarflanishi yuzasidan yillik hisobotlar
Tasarrufida noyob ilmiy ob’yektlar boʻlgan muassasalar rahbarlari ularni ishchi holatda saqlash, ularga zarur хizmatlar koʻrsatish, ulardan foydalanish, shuningdek ular uchun ajratilgan mablagʻlarning samarali va maqsadli sarflanishi, shu jumladan hisobotlarning oʻz vaqtida topshirilishi uchun javobgardirlar.
Ulardan foydalangan holda bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ajratilgan mablagʻning maqsadli sarflanishi yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga va yuqori turuvchi tashkilotga hisobot yilidan keyingi yilning 30 yanvariga qadar yillik hisobot taqdim etiladi. Hisobot tasdiqlangan namunaviy shaklda elektron va qogʻoz koʻrinishida, ob’yektlarning yillik faoliyati toʻgʻrisidagi muassasa Ilmiy-teхnik kengashining asoslangan хulosasi bilan birgalikda topshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.02.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.