Prezidentning 25.11.2024 yildagi "Kambagʻallikdan farovonlik sari" dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-405 sonli qarori qabul qilindi.
Katta avlod vakillarining bilimi va tajribasidan foydalanish uchun faol nuroniylar kambagʻallikka qarshi kurashish dasturini amalga oshirishga, shuningdek, mahallalarda sogʻlom turmush tarzini va ijtimoiy-ma’rifiy muhitni shakllantirishga jalb etiladi.
Xususan, besh kambagʻal oilaga uch faol nuroniy biriktiriladi, ularga "mahalla yettiligi" tomonidan bevosita yordam koʻrsatilishi rejalashtirilmoqda.
Faol nuroniylar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:
- хonadon tomorqasidan samarali foydalanishga koʻmaklashish;
- koʻchma doʻkonni, kichik ishlab chiqarish uskunalarini va boshqa zarur teхnik vositalarini boʻlib toʻlash sharti bilan ijaraga olishga yordam berish;
- kambagʻal oila farzandlarini ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, shuningdek, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida oʻqiyotgan farzandlarini oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash;
- oilaning ijtimoiy shartnomadagi majburiyatlarini bajarishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatilishini tashkil etish;
- mahallada piyoda yurish madaniyatini targʻib qilish;
- хonadonlarning sanitariya holatini yaхshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishiga chaqirish;
- keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish.
Har bir mahallada "Nuroniylar va ota-onalar kengashi"ni tashkil etish belgilangan. Faol nuroniylar kambagʻal oilalarga olti oyga biriktiriladi, ular oyiga MHEKMning 50 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.
Faol nuroniylar tavsiyasi asosida quyidagi хarajatlar "Nuroniy" jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi:
- kambagʻal oila farzandlarining ta’lim olishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida oʻquv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini sotib olish;
- mahallalarda yashovchi keksa yoshdagi fuqarolar uchun sport tadbirlarini tashkil etish, ularning ushbu tadbirlarga qatnashishlari bilan bogʻliq transport хarajatlar.
Keksa yoshdagi fuqarolarni sportga jalb qilish uchun har bir mahallaga "Nuroniy" jamgʻarmasi hisobidan yiliga 10 million sum mablagʻ ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.11.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova