Vazirlar Mahkamasining 19.04.2023 yildagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratishni takomillashtirish hamda aholining doimiy daromad manbalarini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 161-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023 yil 31 yanvardagi PQ-39-son qaroriga muvofiq 2023 yilda:
- dasturlar doirasida 2,8 trln soʻm kredit mablagʻlari “Mikrokreditbank” ATB, AT “Xalq banki” va “Agrobank” ATBning oʻz resurslari hisobidan ajratiladi;
- kreditlarni yillik 14 foiz stavkada ajratish tartibi saqlab qolinadi.
Fermer, dehqon хoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish uchun mikrokreditlar miqdori 3 mln soʻmgacha oshiriladi. Ushbu mikrokreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratiladi.
Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tijorat banklari bilan birgalikda ajratilgan kreditlarning belgilangan muddatlarda soʻndirilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 iyuldagi 373-son qarori bilan tasdiqlangan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.