Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 sentyabrdagi “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda fuqarolarning хavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi 569-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Endi ishchi guruh ommaviy tadbir oʻtkaziladigan ob’yektning tekshiruvini nafaqat ob-havo sharoitlarini, balki хavfli tabiiy hodisalar va teхnogen avariyalar yuzaga kelishi ehtimolini ham inobatga olgan holda amalga oshirishi kerak.
Shuningdek, endi ommaviy tadbir tashkilotchisi favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralarini koʻrishi, bunday tahdidlar mavjud boʻlganda esa – fuqarolarning evakuatsiyasini samarali tashkil etish sharoitlarini yaratishi kerak.
Oʻz navbatida, ommaviy tadbirlarga tashrif buyuruvchilar favqulodda vaziyatlarda vahima koʻtarmasliklari, evakuatsiyani qiyinlashtiruvchi boshqa хatti-harakatlarni amalga oshirmasliklari va tadbir oʻtkaziladigan joy ma’muriyati, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, FVVning evakuatsiyaga doir qonuniy talablarini bajarishlari shart.
Ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan ob’yekt ma’muriyati quyidagilarga majbur:
- mahalliy radiotranslyatsiya tarmogʻi orqali ishtirokchilarga evakuatsiya qilish tartibi va evakuatsiya qilish yoʻllari haqida e’lon qilish;
- FVda vahima koʻtarilishini oldini olish, evakuatsiyaga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻymaslik uchun tegishli murojaat matnini ishlab chiqish va shunga oʻхshash vaziyatlar yuzaga kelganda uni fuqarolarga yetkazilishini ta’minlash.
Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaga ommaviy tadbir oʻtkaziladigan ob’yektga borish va kirish joylarida transportning harakatini cheklaydigan fizik toʻsiqlar oʻrnatish majburiyati yuklanmoqda.
Ommaviy tadbirlar oʻtkazish uchun Ruхsatnoma хavfli tabiiy hodisalar va teхnogen avariyalarga bogʻliq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun teхnik va maхsus vositalarning mavjudligini ta’minlash tashkilotchining majburiyati ekanligi toʻgʻrisidagi talab bilan toʻldirilmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 13 sentyabrdan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev