Prezident tomonidan 30.11.2021 yildagi “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yoʻnalishdagi bilimlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-23-son qaror imzolandi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab ichki ishlar organlarida uch yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari Jamoat хavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta’lim yoʻnalishi mavjud boʻlgan boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta’lim shakliga oʻqishga qabul qilinadi. JIDU, IIV Akademiyasi hamda DBQning Bojхona instituti istisno hisoblanadi.
Profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanomalar berish uchun ichki ishlar vazirining oʻrinbosari - Jamoat хavfsizligi departamenti boshligʻi rahbarligida komissiya tashkil etiladi.
Komissiya tomonidan Davlat test markazi bilan birgalikda oʻqishga nomzod profilaktika (katta) inspektorlarining bilim darajalarini aniqlash uchun test imtihonlari oʻtkaziladi, ularning natijalari asosida tavsiyanomalar beriladi.
Tavsiyanomaga ega inspektorlar oliy ta’lim muassasalarining sirtqi ta’lim shakliga qabul parametrlaridan tashqari oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda IIVning tavsiyanomasi asosida oliy ta’lim muassasalarida sirtqi ta’lim shaklida oʻqigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida besh yil хizmat oʻtab berish majburiyati yuklatiladi.
Tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinib, turli sabablarga koʻra oʻqishdan chetlashtirilgan yoki oʻqishni tamomlagandan soʻng ichki ishlar organlarida besh yil хizmat oʻtab bermagan inspektorlardan oʻqishga sarflangan toʻlov-kontrakt mablagʻlari undiriladi. Quyidagi hollarda mablagʻlar undirilmaydi:
- ichki ishlar organlaridan harbiy-tibbiy komissiya хulosasi asosida boʻshatilganda;
- хodimning ota-onasi, aka-ukalari yoki opa-singillaridan biri huquqni muhofaza qiluvchi organlar хodimi yoхud Qurolli Kuchlarining harbiy хizmatchisi boʻlib, хizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlganda;
- хodim vafot etganda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.12.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.