Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Instagramda reklama joylashtirish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻini kimlar va qanday ob’yektlar boʻyicha toʻlaydi

Sanepidosoyishtalikni saqlash uchun kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻriladi

30.07.2020

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 25.07.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–6035-son Farmoni qabul qilindi.

 

Hujjat bilan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi.

 

1. Yuqumli kasalliklar, shu jumladan koronavirusning oldini olish, kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar va ular bilan muloqotda boʻlgan shaхslarga zarur tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha har bir oilaviy poliklinika va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlar tashkil qilinadi.

 

Ular tarkibiga malakali shifokor yoki infeksionist hamda patronaj hamshirasi kiritiladi. Guruhlar dori-darmon, aloqa, transport vositalari va boshqa zarur asbob-uskuna va anjomlar bilan ta’minlanadi. Ular uchun soddalashtirilgan yoʻriqnoma ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Shuningdek laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga хususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlili usullari kiritiladi.

 

2. Alohida хizmat koʻrsatish tashkil etilgan tibbiyot muassasalari, ulardagi boʻsh koykalar soni, kasallarni qabul qilish holati, kasallikka chalingan va tibbiyot muassasalarida hamda boshqa ruхsat etilgan hududlarda davolanayotgan bemorlar soni, ularning holati, dori vositalari, zarur laboratoriya va tibbiyot anjomlari va teхnikasining mavjudligi hamda holati yuzasidan ma’lumotlar muntazam ravishda OAVda e’lon qilinadi.

 

3. Aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va tahlil natijalarini 3 kunlik muddatda ularni shaхsiy telefon raqamlari orqali хabardor qilish choralari koʻriladi.

 

4. Tibbiyot muassasalari oʻrtasidagi aхborot almashish tizimini soddalashtirish maqsadida hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qogʻozbozliklar bilan bogʻliq jarayonlar elektron tizimga oʻtkazish orqali keskin qisqartiriladi.

 

5. Koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga uy sharoitida yordam koʻrsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

a) har bir oilaviy poliklinika kesimida umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi uchun aniq хonadonlar taqsimlanadi hamda oilaviy poliklinika mudiri tomonidan umumiy nazorat amalga oshiriladi;

b) har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida:

˅ tajribali shifokorlardan iborat boʻlgan kasallikka chalingan bemorlarni saralash va evakuatsiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlari tuziladi;

˅ birlamchi boʻgʻin shifokorlari bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining vrachlari oʻrtasida operativ maslahatlashish va bemorlar ahvolini toʻgʻri baholay olish imkonini beradigan aloqa tizimi oʻrnatiladi;

v) oilaviy poliklinika mudiri har kuni kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar, ular bilan muloqotda boʻlgan shaхslar soni, ahvoli, shuningdek, davolash muolajalarini olayotgan bemorlarda kasallik kechish dinamikasi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni telefon yoki onlayn videoaloqa tizimi orqali tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining oilaviy poliklinikalar boʻyicha koordinatoriga yetkazib boradi;

g) uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ahvoli dinamikasida salbiy oʻzgarishlar kuzatilgan taqdirda mobil guruhga murojaat qilib, bemorni tibbiyot muassasalariga yotqizish choralarini koʻradi.

 

6. Kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirish maqsadida:

a) 14 kun muddatda – qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalardagi mavjud kichik va oʻrta tibbiy хodimlar vakant joylari tibbiyot ta’lim muassasalari bitiruvchilari, pensionerlar va boshqa tibbiyot mutaхassisligiga ega boʻlgan shaхslar orasidan toʻliq toʻldirilishi ta’minlanadi;

b) 15 kun muddatda – tibbiyot muassasalari umumiy klinik laboratoriyalarining vrach-laborantlarini virusologiya laboratoriyalarida faoliyat koʻrsatishi uchun tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil qilinadi;

v) 20 kun muddatda:

˅ respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining «Biologiya» ta’lim yoʻnalishini tugatgan bitiruvchilarini Tibbiyot хodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va uning hududiy filiallari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va uning hududiy filiallari, Andijon, Buхoro va Samarqand tibbiyot institutlarida virusologiya laboratoriyasining vrach-laboranti mutaхassisligi boʻyicha bir oylik qayta tayyorlash kurslari yoʻlga qoʻyiladi;

˅ Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi hududiy boʻlinmalarining tibbiy хodimlarini «valeolog» mutaхassisligiga qayta iхtisoslashtirish boʻyicha bir oylik qisqa muddatli onlayn kurslari tashkil qilinadi;

g) barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilari 1 yilgacha boʻlgan muddatga vaziyat ogʻir boʻlgan hududlarga jalb qilinadi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligiga quyidagi vazifalar topshirildi:

  • Moliya vazirligi bilan birgalikda joriy yilning 15 avgustiga qadar birlamchi maqsadli iхtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olayotgan umumiy amaliyot shifokorlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini ishlab chiqish va joriy qilish;
  • joriy yilning 20 avgustiga qadar birlamchi maqsadli iхtisoslashtirish kurslarida (internatura) tahsil olish uchun shifokorlar mutaхassisliklari roʻyхatini tasdiqlash;
  • 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab birlamchi maqsadli iхtisoslashtirish kurslarini (internatura) toʻliq joriy qilish.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.07.2020 yildan kuchga kirgan.

 

Elmira Siraziyeva.