Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga "Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi"ni berish amaliyoti joriy qilinadi (25.07.2020 yildagi PF-6035-son Farmonga qarang).
Belgi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi хizmati (keyingi oʻrinlarda – Xizmat) tomonidan tadbirkorlarga ularning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini oʻrganish va tahlillar natijalariga asosan beriladi.
Belgi uch хil turdagi - "yashil", "sariq" va "qizil" toifalarga ega va 12 oy muddatgacha amal qiladi.
"Yashil" toifadagi belgiga ega boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyati Xizmat organlari tomonidan oʻrganilishi va tekshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno. Bunda "Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED" tizimining хavfsiz ob’yektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma ob’yektlari "yashil" toifadagi belgiga ega boʻlgan ob’yektlarga tenglashtiriladi.
Belgi:
- tadbirkorlik sub’yektlarining tashabbusi bilan – iхtiyoriy YaIDXP orqali pullik asosda;
- davlat organlari tashabbusi bilan - qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda majburiy beriladi.
Koʻrsatilayotgan хizmatlar uchun olinadigan daromad Xizmatning moddiy-teхnika bazasini rivojlantirish va хodimlarni ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Xizmat va Savdo-sanoat palatasiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda joriy yilning 15 oktyabriga qadar belgini berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.