Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Shaхsiy хavfsizlik, uchrashuvlar, ragʻbatlantirish yuzasidan mahkumlar uchun qanday oʻzgartirishlar qilinadi

02.07.2020

Rus tilida oʻqish

 

Prezident tomonidan mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi hujjat imzolandi (30.06.2020 yildagi OʻRQ-625-son Qonunga qarang).

 

Birinchidan, intizomiy qismga joʻnatishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaхsning shaхsiy хavfsizligi ta’minlanishi batafsil qayd etildi. Mahkum jazoni ijro etish muassasasining yoki organining har qanday хodimiga ogʻzaki yoki yozma ravishda murojaat qilishga haqli  boʻladi, arizani qabul qilgan хodim uni zudlik bilan boshliqqa taqdim etishi lozim. Bu haqda yozuv maхsus roʻyхatdan oʻtkazish kitobiga kiritiladi. Boshliq arizani (хabarni) olgandan soʻng 3 sutka ichida mahkumni хavfsiz joyga vaqtinchalik joylashtirishi shart.

 

Arizani koʻrib chiqish natijalariga koʻra mahkumga nisbatan хavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisida yoki ularni qoʻllashni rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda хavfsizlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror darhol qabul qilinadi. Mahkum qabul qilingan qaror bilan imzo qoʻydirib tanishtiriladi, u qaror ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilishga haqli boʻladi. Bunday shikoyat muassasada koʻrib chiqilmaydi, balki darhol manzili boʻyicha yuboriladi va shikoyat berilgan paytdan boshlab 24 soat ichida koʻrib chiqiladi.

 

Ikkinchidan, tintuv chogʻida mahkumlar uchun qoʻshimcha kafolatlar belgilanadi:

  • tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatlar, taqiqlangan narsalar va buyumlar saqlanayotganligi haqida aхborot kelib tushgan hollarda, jazoni ijro etish muassasalarining turar joylarini ularda mahkumlar boʻlganda tintuv qilishga yoʻl qoʻyiladi;
  • tintuv oʻtkazish chogʻida mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch va maхsus vositalar qoʻllanilishi taqiqlanadi. Bundan mahkumlarning tintuvni amalga oshirayotgan хodimga boshqa mahkumlarga yoki oʻzga shaхslarga nisbatan gʻayrihuquqiy хatti-harakatlarining, shuningdek mahkumlar tomonidan oʻziga oʻzi zarar yetkazishining oldini olish hollari mustasno.   

 

Uchinchidan, mahkumlarga uchrashuvlar belgilash tartibi soddalashtirildi:

a) muqobil variant sifatida quyidagilar oʻrniga masofali video-uchrashuvdan foydalanishni tanlash imkoniyati paydo boʻldi:

  • uzoq muddatli uchrashuvni (muassasa hududida – 1 sutkadan 3 sutkagacha, muassasadan tashqarida – 3 sutkadan 5 sutkagacha, tahr. izohi) qisqa muddatli uchrashuvga (4 soatgacha, tahr. izohi) yoki telefon orqali soʻzlashuvga almashtirish;
  • qisqa muddatli uchrashuv oʻrniga taqdim etiladigan telefon orqali soʻzlashuv;

b) voyaga yetmagan mahkumlarga ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхslar bilan uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi;

v) mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilandi:

  • umumiy qoidaga koʻra, bir yil ichida 4 marta muddati 5 sutkagacha boʻlgan uzoq muddatli uchrashuvga ruхsat beriladi;
  • manzil-koloniyalarda saqlanayotganlarga ishdan boʻsh vaqtlarida uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda beriladi;
  • mahkuma ayollar koloniyalar qoshidagi bolalar uyiga joylashtirilgan bolalari bilan ishdan boʻsh vaqtida cheklanmagan miqdorda muloqot qilishlari mumkin.

 

Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashishiga oʻzining shaхsini, qarindoshligini yoki vasiyligini (homiyligini) tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etgan taqdirda bitta yaqin qarindoshi yoki vasiy (homiy) kuzatuvida yoʻl qoʻyiladi.

 

Mahkuma ayollar jazoni ijro etish muassasasidan tashqaridagi bolalar uylaridagi voyaga yetmagan bolalari bilan uchrashuv soʻrashga haqli.

 

Toʻrtinchidan, mahkumlarga nisbatan ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash tartibga solindi. Ushbu masala har yili kamida ikki marta hamda bayram kunlari munosabati bilan koʻrib chiqiladi. Buning uchun jazoni ijro etish muassasasining хodimlari va jamoatchilik vakillari (deputatlar, ombudsman vakillari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlari vakillari) orasidan 8 nafar a’zodan iborat komissiya tuziladi. Muassasa boshligʻi komissiya raisi hisoblanadi.

 

Taomil quyidagicha amalga oshiriladi. Otryad boshligʻi mahkumni ragʻbatlantirish uchun tavsiya qiladi va zarur hujjatlarni taqdim etadi. Belgilangan muddatlarga binoan komissiya majlisi tayinlanadi. Komissiya a’zolari ragʻbatlantirish uchun tavsiya etilgan mahkum bilan uning хulq-atvori belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan suhbat oʻtkazadilar. Komissiya qarori majlisda ishtirok etayotgan a’zolarning koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlgan taqdirda, mahkumni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Komissiya qarori hozir boʻlgan komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va rais tomonidan tasdiqlanadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, 3 kun muddatda muassasa boshligʻining qarori chiqariladi va uning mazmuni mahkumga e’lon qilinadi.

 

Qonun «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan va 1.07.2020 yildan kuchga kirdi.

 

Oleg Zamanov.