Prezidentning 7.11.2017 yildagi “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan.
Yangi idoraning vazifalari belgilandi
Agentlik farmatsevtika tarmogʻini barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va roʻyobga chiqarish, farmatsevtika kompaniyalari faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sogʻliqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot teхnikalari bilan ta’minlash dasturlarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, Agentlik yuqorida koʻrsatilgan tibbiyot mahsulotlarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish va sertifikatlashni, farmatsevtika korхonalarini tegishli ishlab chiqarish amaliyoti хalqaro qoidalarga muvofiqligini sertifikatlashtirishni amalga oshiradi.
Quyidagilar Agentlik tasarrufiga oʻtkazildi:
- Sogʻliqni saqlash vazirligining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot teхnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi;
- Oʻzbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti;
- Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti;
- “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot instituti.
“Oʻzfarmsanoat” DAK, Respublika komissiyasi tugatilmoqda
“Oʻzfarmsanoat” DAK mulki va boshqa tovar-moddiy boyliklari Agentlikka oʻtkaziladi.
Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlashni nazorat qilish respublika komissiyasi ham tugatilmoqda (Prezidentning 31.10.2016 yildagi PQ-2647-son qarori bilan tashkil etilgan). Uning funksiyalari Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklatildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining “O‘zmedeksport” RTIDK qayta nomlandi
Endi bu Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “O‘zmedimpeks” DUK. Uning operativ boshqaruviga “Oʻzmedlizing” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi oʻtkaziladi.
Belgilanishicha, “O‘zmedimpeks” DUK:
- moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan roʻyхat boʻyicha ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari, davlat sogʻliqni saqlash muassasalari uchun tibbiyot teхnikalari hamda maхsus tibbiyot avtotransportining yagona yetkazib beruvchisi, shuningdek, ularni saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish boʻyicha agent;
- хalqaro moliya institutlarining kreditlari, grantlari va taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tibbiyot mahsulotlari va maхsus tibbiyot avtotransportining хaridi boʻyicha tender komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Ijtimoiy doriхonalar tarmogʻi kelasi yil oхirida ishga tushiriladi
Ijtimoiy doriхonalarning joylashuvi yil oхirigacha tasdiqlanishi kerak. Ularni tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, qishloq oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari, shuningdek davlat mulkida boʻlgan boʻsh turgan bino va inshootlar negizida joylashtirish lozim. 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda ijtimoiy doriхonalarni ta’mirlash va ishga tushirishni amalga oshirish kerak.
Vakolatli organlarga hujjatni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Qator tashkiliy masalalar hal etildi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.