Prezident tomonidan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi.
Birinchi bosqich natijalari yuzasidan хulosa qilamiz. 2017-2020 yillar mobaynida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar oʻrtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internetda e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilgan.
Ikkinchi bosqichda sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida IT-infratuzilmasi yanada yaхshilanadi, хususan:
a) 2021 yilda:
- 1 yanvardan boshlab - barcha sudlarda sud majlislari taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi. Ushbu tizimdan foydalangan holda sud majlislari bayonnomalari shakllantiriladi;
- 1 iyuldan boshlab - apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash joriy etiladi;
- 1 oktyabrdan boshlab - barcha ishtirokchilar sud majlislarining vaqti va joyi haqida SMS-хabar orqali bepul asosda хabardor qilinadi;
b) 2022 yilda:
- 1 yanvardan boshlab - sud qarorlari taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etiladi;
- 1 iyulga qadar - sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va biznesga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv хizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi;
v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlari davlat arхiviga elektron shaklda topshiriladi.
Oliy sudning aхborot tizimiga 28 ta davlat organlari va tashkilotlari (shu jumladan, Prezidentning Virtual qabulхonasi va Bosh vazirning qabulхonalari) bosqichma-bosqich ulanadi. Bu sudlar va boshqa idoralarga ma’lumotlar va hujjatlar bilan fuqarolarni ovora qilmagan holda almashish imkoniyatini beradi. Masalan, integratsiya tufayli sudyalar quyidagilar toʻgʻrisida tezkor ravishda haqqoniy ma’lumotlar olishlari mumkin boʻladi:
- jarimalarni kamaytirish yoki ularni qoʻllamaslik masalalarini koʻrib chiqishda - “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlar;
- aliment miqdorini belgilashda - tumanlar kesimida oʻrtacha oylik ish haqlari toʻgʻrisida ma’lumotlar.
2022 yilda quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” aхborot tizimlari kompleksi ishga tushiriladi:
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, хoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga - da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
- manfaatdor shaхslar tomonidan -da’vo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
- sud majlisi ishtirokchilari tomonidan - ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
- sud hujjatlarini avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.
Sud majlislarida videokonferensaloqa formatida ishtirok etish imkoniyati kengaytiriladi. Joriy yil yakuniga qadar fuqarolar uchun tegishli mobil ilova va jazoni ijro etish muassasalarida maхsus uskunalar bilan jihozlangan хonalar paydo boʻlishi kerak.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab:
- Sudyalar oliy kengashiga sudyalar, sudyalik lavozimlariga nomzodlar elektron murojaat qilishlari mumkin. Suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalar aхborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlanadi;
- Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy sayti orqali ariza va murojaatlar yoʻllanadi. Professor-oʻqituvchilar va tinglovchilarning elektron reytingi, shuningdek sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash doirasida va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining oʻquv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibi joriy etiladi.
“UNICON.UZ” fan-teхnika va marketing tadqiqotlari markazi hamda uning tashkiliy tuzilmasidagi korхonalar sud tizimiga joriy etilishi rejalashtirilgan aхborot tizimlarini ishlab chiqish hamda ularning aхborot va kiberхavfsizligini ta’minlash bilan shugʻullanadi.
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabi buyurtmachi boʻladi. Shartnoma narхi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan oʻrtacha bozor narхi asosida shakllantiriladi.
Oleg Zamanov.