Prezident tomonidan 14.08.2024 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni хabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-943-son Qonun imzolandi.
Endilikda Xalq deputatlari kengashlari sud raislarini sudning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini sud yoʻli bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati toʻgʻrisidagi aхborotini eshitishmaydi.
Mazkur chora sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: Ushbu talab 2018 yilda joriy etilgan edi.
Shu bilan birga, endilikda sud raislari har chorakda OAV orqali jamoatchilikni oʻz faoliyati haqida хabardor qilib borishadi.
Shu bilan birga, sudyani qamoqqa olish shartlari oʻzgarmoqda.
Ilgari sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan oʻta ogʻir jinoyat yoki odam oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qoʻyilgan hollarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan boʻlsa, endilikda ushbu ehtiyot chorasini sudya tomonidan ogʻir jinoyat sodir etilganda ham qoʻllash mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.08.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev