Vazirlar Mahkamasining 12.12.2022 yildagi «Qashqadaryo viloyati tajribasi asosida suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 703-son qarori qabul qilindi.
Hujjat davlat suv хoʻjaligi ob’yektlarini DXSh tamoyillari asosida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish natijalari boʻyicha Suv хoʻjaligi vazirligi va agroklaster oʻrtasida tuziladigan bitim asosida boshqaruvga berishni koʻzda tutadi.
Ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari yerning ijara muddatiga mos davrga Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining qarorlari bilan klasterlarga tekin foydalanish huquqi asosida ularni saqlash, ta’mirlash-tiklash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun agroklasterlar mablagʻining bir qismini jalb qilgan holda beriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- Agroklasterlarga maqsadli foydalanish uchun beriladigan ichki sugʻorish hamda kollektor-drenaj tarmoqlarining asosiy koʻrsatkichlari;
- Agroklasterlarga DXSh shartlari asosida yerning ijara muddatiga mos davrga boshqaruvga beriladigan davlat irrigatsiya tizimi kanallarida suv sarfini onlayn monitoring qilish va masofadan boshqarish tizimini joriy qilish prognoz koʻrsatkichlari;
- Davlat suv хoʻjaligi ob’yektlarini agroklasterlarga DXSh shartlari asosida yerning ijara muddatiga mos davrga tekin foydalanish huquqi asosida boshqaruvga berish boʻyicha «yoʻl хaritasi».
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.12.2022 yildan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova.