Bu Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018 yildagi «2018–2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 372-son qarorida nazarda tutilgan.
Hujjat bilan tegishli Chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Unda respublika boʻyicha 12 ta 2 qavatli, 25 ta 1 qavatli va 12 ta yozgi kinoteatrlar qurish nazarda tutilgan. Ularning loyihalari namunaviy boʻladi.
Kinoteatrlarni tashabbuskorlar – tadbirkorlik sub’yektlari quradilar, ularni «Oʻzbekkino» MA, Oʻzmilliybank (TIF MB), shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 1.06.2018 yilgacha belgilaydilar. Hokimliklar qurilish uchun ustun darajada madaniyat va istirohat bogʻlari hududidagi yerlarni ajratadilar. U yerda avtotransportni vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish, tutashib ketgan hududni obodonlashtirish, elektr, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash choralarini ta’minlashga ham toʻgʻri keladi.
Vazifani amalga oshirishda biznesga quyidagi shartlarda beriladigan imtiyozli kreditlar yordamga keladi:
- kredit mablagʻlari miqdori – loyiha qiymatining 75%igacha;
- foiz stavka – qayta moliyalashtirish stavkasining ½ qismi (sharh e’lon qilingan paytda MB stavkasi – yillik 14%);
- kreditning umumiy muddati – 5 yilgacha;
- imtiyozli davr – 1 yilgacha.
Kinoteatrlar mamlakatimiz hududida ommaviy namoyish qilish maqsadida kinoteatrlarga хorijiy va mahalliy kino mahsulotlarini on-layn yetkazib berishni ta’minlaydigan yagona kinoprokat elektron tarmogʻiga kiradi. Buning uchun «Oʻzbekkino» MA tadbirkorlarga kinoteatrlarni jihozlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalarning namunaviy parametrlarini taqdim etadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.05.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida yaqin orada tanishish mumkin.
Samir Latipov.