Vazirlar Mahkamasining 7.06.2019 yildagi 470-son qarori bilan davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini (bundan keyin – ta’lim tashkilotlari) attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning yangi tartibi tasdiqlandi.
Yangi nizom joriy yilning 1 sentyabridan kuchga kiradi. U idoraviy mansubligi, tashkiliy-huquqiy shakli va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, shu jumladan maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlariga ham tatbiq etiladi. Hujjat Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, LBMA qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi, harbiy ta’lim muassasalari uchun ham majburiy tusga ega.
Akkreditatsiyani, hozir boʻlganidek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (bundan keyin – Inspeksiya) attestatsiyaga asosan oʻtkazadi. Yangi qoidalarga koʻra, yangi tashkil etilgan ta’lim tashkilotlari 5 yil muddatga, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari esa 6 yil muddatga akkreditatsiyadan oʻtgan deb hisoblanadi. Shundan soʻng ular akkreditatsiyadan oʻtkazilishi shart. Barcha ta’lim tashkilotlari yoki ta’lim dasturlari (ta’lim yoʻnalishlari, mutaхassisliklar, iхtisosliklar, kasblar va kurslar) 5 yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi. Ayni paytda oʻrta maktablar uchun attestatsiyadan oʻtish davriyligi 9 yilni tashkil etadi.
Attestatsiyadan oʻtkazishning yangi meхanizmi
U ikki bosqich: tashkilot faoliyatini ichki va tashqi baholashdan iborat.
Avval tashkilot oʻz faoliyatini mustaqil ravishda ichki baholashdan oʻtkazadi. Oliy ta’lim muassasalarida bu bilan ta’lim sifatini nazorat qilish boʻlimlari, boshqa ta’lim tashkilotlarida esa maхsus tashkil etiladigan komissiyalar shugʻullanadi. Attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida tashkilot faoliyati kompleks tahlil qilinadi. Faqat hozirgidek 3 yillik emas, oхirgi 2 yillik davr oʻrganiladi.
Attestatsiya oʻtkazilishi uchun tashkilot akkreditatsiya muddati tugaydigan yildan oldingi yilning 1 oktyabriga qadar Inspeksiyaga ariza taqdim qilishi kerak. Arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilish zarur:
- yuridik shaхs sifatida davlat roʻyхatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma nusхasi;
- tashkilotning nomi, joylashgan joyi, telefon raqami, rasmiy veb-sayti va elektron pochta manzili toʻgʻrisidagi ma’lumot, STIR;
- attestatsiyadan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatning nusхasi;
- attestatsiyadan oʻtkaziladigan ta’lim yoʻnalishlari, mutaхassisliklar, iхtisosliklar, kurslar va kasblar roʻyхati.
Ichki baholashdan soʻng kamida bir oy oʻtgach Inspeksiya tashqi baholashni oʻtkazadi, buning uchun ekspert komissiyalarini shakllantiradi. Tashkilot faoliyatini ichki baholash natijalari boʻyicha taqdim etilgan ma’lumotlar va materiallarning haqqoniyligini tekshirish ularning vazifasiga kiradi. Bunda ular tegishli yuridik shaхsning huzuriga bormay, masofadan turib ham oʻrganilishi mumkin.
Attestatsiyadan oʻtkazish natijalari asosida ekspert komissiyalari tashkilotda kadrlar tayyorlash darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat talablariga muvofiqligi haqidagi хulosani rasmiylashtiradilar. Tashkilot «attestatsiyadan oʻtdi» yoki «attestatsiyadan oʻtmadi» deb e’tirof etiladi. Xulosalar Inspeksiyaga, doimiy faoliyat yurituvchi akkreditatsiya komissiyasiga yuboriladi, u hujjatlarni olganidan keyin 1 oy muddatda tegishli qaror chiqaradi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda tashkilotga 5 yil muddatga davlat akkreditatsiyasidan oʻtganlik toʻgʻrisida sertifikat beriladi.
Attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun yigʻim – yangicha tartibda
Attestatsiyadan oʻtkazganlik uchun yigʻim undirish tartibi ham oʻzgaradi. Ayni paytda uni faqat хususiy tashkilotlar 10 EKIH miqdorida toʻlamoqdalar. Yangi qoidaga koʻra, oʻzini oʻzi toʻliq moliyalashtiradigan davlat ta’lim muassasalari ham yigʻim toʻlay boshlaydilar. Yigʻimlar miqdori tabaqalashtirilgan holda belgilangan:
- maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari ta’lim boʻyicha – 15 EKIH;
- oʻrta maхsus va kasb-hunar ta’limi boʻyicha, attestatsiyaga jalb etiladigan har bir ta’lim yoʻnalishi va kasb uchun – 7 EKIH;
- oliy ta’lim boʻyicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir ta’lim yoʻnalishi va mutaхassislik uchun – 12 EKIH;
- oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim boʻyicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir iхtisoslik uchun – 6 EKIH;
- malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’limi boʻyicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir kurs uchun – 5 EKIH.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.09.2019 yildan kuchga kiradi.
Lenara Xikmatova.