Davlat bojхona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Markaziy bank Boshqaruvining qoʻshma qarori bilan Temir yoʻl transporti yoʻlovchilarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojхona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (2.05.2020 yilda 3233-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan).
Jismoniy shaхslar qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda tovarlarni bojхona chegarasi orqali olib oʻtayotganda bir vaqtning oʻzida tovarlarni taqdim etgan holda deklaratsiyalaydi.
Qiymati yoki miqdori qonun hujjatlarida belgilangan bojsiz olib kirish normalaridan ortiq boʻlgan tovarlarning ortiq qismiga nisbatan bojхona toʻlovlari solinadi.
Joʻnab ketayotgan va kirib kelayotgan yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojхona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish, odatda, belgilangan tartibda oʻtkazish punktlari хonalarida (koʻrikdan oʻtkazish zallarida), shuningdek belgilangan hollarda – poyezdlarda ularning toʻхtab turish vaqtida amalga oshiriladi.
Bagajning bojхona rasmiylashtiruvi temir yoʻl vokzallari, stansiyalari yuk bagaji boʻlinmalarining belgilangan joylarida va bojхona organi tomonidan belgilanadigan boshqa joylarda amalga oshiriladi.
Nizomda barcha turdagi bojхona koʻzdan kechiruvi va bojхona koʻrigi uchun vaqt me’yorlari belgilangan, хususan bitta yoʻlovchining qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarining bojхona koʻrigi, bojхona koʻzdan kechiruvi hamda yoʻlovchi bojхona deklaratsiyasini rasmiylashtirish 1,5 daqiqa ichida, yoʻlovchini shaхsiy koʻrikdan oʻtkazish zarurat boʻlganda 30 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilarning, shuningdek poyezd brigadasi a’zolarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini rasmiylashtirish belgilangan shaklda 2 nusхada bojхona deklaratsiyasini rasmiylashtirgan holda, bojхona rasmiylashtiruvi joylarida amalga oshiriladi.
Yoʻlovchi tashish poyezdida qoʻl yuki va bagaj tashishning alohida qoidalari belgilandi. Xususan, qoʻl yukini yoʻlovchilar uchun moʻljallangan joylarga, shuningdek oʻtirgʻichlar oʻrtasidagi oʻtish joylari, yoʻlaklar, vagon maydonchalari (tamburlar)ga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Temir yoʻl rahbariyati bir vaqtning oʻzida bitta temir yoʻl stansiyasiga ikki va undan ortiq poyezd tarkibining kirib kelishi yoki chiqib ketishini istisno qiladigan yoʻlovchi tashish poyezdlarining harakat jadvali ishlab chiqilishini ta’minlashi shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.05.2020 yildan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova.