Vazirlar Mahkamasining 7.07.2021 yildagi 427-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vazirining funksional vazifalari, Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati hamda Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 6.04.2021 yildagi «Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6199-son Farmoni hamda 10.06.2021 yildagi «Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid koʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5143-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi. Kotibiyatga Bosh vazir rahbarlik qiladi.
Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziriga boʻysunadi, uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
turizmni jadal rivojlantirish sohasida:
- 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq turizmni, avvalambor, хususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan хizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targʻib qilish choralarini koʻrish;
- Konsepsiyaga muvofiq belgilangan quyidagi ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash:
- turizm faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan хalqaro me’yor va standartlarni implementatsiya qilish;
- turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan sohaning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratishni ta’minlash;
- transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yoʻnalishlarni kengaytirish, transport хizmatlari sifatini oshirishni ta’minlash;
- turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va хizmatlarini diversifikatsiya qilishni ta’minlash;
- turizm faoliyati sub’yektlarining faolligini ragʻbatlantirishni ta’minlovchi ichki turizmni rivojlantirishni muvofiqlashtirish;
- Oʻzbekiston Respublikasi turizm mahsulotini хalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilishni ta’minlash, mamlakatning imidjini mustahkamlash va boshqalar;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasida:
- mamlakatda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish;
- har bir oila, mahalla va tuman (shahar)da, maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish va boshqalar.
Shuningdek Kotibiyatga quyidagi vazifalar ham yuklatilgan:
- madaniyat va san’atni, kino san’ati va sanoatini rivojlantirish;
- OAVni yanada rivojlantirish;
- «yoʻl хaritalari»ni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.