Vazirlar Mahkamasining 26.02.2021 yildagi 106-son qarori bilan Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom Prezidentning 6.09.2019 yildagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-5812-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Ushbu Nizom «Hayot davomida ta’lim olish» tamoyili asosida boshqaruv hamda pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
Ta’limning maqsadi, vazifalari, mazmunidan kelib chiqqan holda oʻquv jarayonini tashkil qilish, boshqaruv va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish uchun ta’lim dasturlarini innovatsion yondashuvlar asosida doimiy yangilab borish amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun ularning kasbiy ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash va oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv rejasiga muvofiq Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda uning hududiy qayta tayyorlash va malaka oshirish fakultetlaridagi amaliyot mashgʻulotlari tegishli tashkilotlarda oʻtkazilishi mumkin.
Malaka oshirish quyidagi shakllarni oʻz ichiga oladi:
● mustaqil malaka oshirish;
● muqobil malaka oshirish;
● Institut yoki fakultetlarda bevosita oʻqish.
2021 yil 1 martdan boshlab Institutning boshqarma va boʻlimlarida faoliyat koʻrsatayotgan uslubchi va dasturchi-muhandis shtat birliklari negizida bosh mutaхassis va yetakchi mutaхassis shtat birliklari joriy etiladi hamda mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Institutning boshqarmalar boshliqlari, boʻlim boshliqlari, bosh mutaхassis, yetakchi mutaхassislarning lavozim maoshlarini belgilashda mos ravishda professional ta’lim muassasalari bosh oʻqituvchilari bazaviy tarif stavkalari tegishlicha 2, 1,8, 1,5 va 1,2 baravar miqdorlarda qoʻllaniladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.02.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.