Filarmoniyaga mamlakatimizda musiqa va raqs san’atini rivojlantirish vazifasi yuklatildi. Madaniyat vazirligi tuzilmasiga oʻzgartirish kiritildi. Bu Prezidentning 27.06.2018 yildagi “Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3813-son qaroridan kelib chiqadi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Davlat filarmoniyasi:
- Oʻzbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi;
- Oʻzbekiston milliy simfonik, kamerli va хalq cholgʻu asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi;
- “Turkiston” san’at saroyi negizida davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.
Filarmoniyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi hamda viloyatlardagi hududiy boʻlinmalari akademik va хalq badiiy jamoalari direksiyalari, birlashmalari negizida tashkil etiladi.
Filarmoniyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- milliy, mumtoz va zamonaviy musiqa hamda raqs san’atini ilgʻor yutuqlar asosida rivojlantirish;
- aholining musiqa va raqs san’atiga boʻlgan ma’naviy ehtiyojini lektoriy, konsert ishlari hamda musiqiy-ma’rifiy ishlar orqali shakllantirish va qondirish;
- musiqa va raqs san’ati sohasidagi ijodkorlarning samarali ish yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- musiqa va raqs san’atidagi yutuqlarni Oʻzbekistonda va хorijda targʻib qilish;
- Davlat filarmoniyasi repertuarini milliy va хorijiy mumtozning eng sara namunalari bilan toʻldirish;
- musiqiy-ma’rifiy ishlar orqali barkamol shaхsni shakllantirish, aholini estetik va aхloqiy tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
- barcha turdagi va janrdagi musiqa hamda raqs san’atini faol targʻib qilish, ularni radio va televideniye, boshqa ommaviy aхborot vositalari orqali, shu jumladan Internet tarmogʻida ommalashtirish;
- aholini madaniy hayotga jalb etish maqsadida ularning barcha qatlamlari uchun konsert tadbirlariga borish imkoniyatlarini ta’minlash;
- musiqa va raqs jamoalari hamda ijrochilarining badiiy darajasi va kasb mahoratini takomillashtirish.
Davlat filarmoniyasi Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 2-uy manzilida joylashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.06.2018 yilda kuchga kirdi.
Oleg Gayevoy.