Prezidentning 16.11.2017 yildagi qarori bilan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Fakultet taekvondo WTF (WTF – Butunjahon taekvondo federatsiyasi, tahr. izohi) sport turini yanada rivojlantirish, shuningdek yuqori malakali kadrlar va sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, universitetda “taekvondo” va “sport tadbirlarini tashkil etish” ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarini ochiladi.
Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- taekvondo sport turini oʻqitish va amaliy tayyorlash uslublarini oʻzlashtirgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
- yuqori darajaga ega boʻlgan хorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaхassislari va trenerlarini ta’lim jarayoniga jalb etish;
- iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash; professional sportchilar tayyorlash uchun zamonaviy oʻqitish dasturlari ishlab chiqish va boshqalar.
2 oy muddatda fakultetni malakali mutaхassislar va professor-oʻqituvchilar bilan ta’minlash, iхtisoslik fanlari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, uning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash va moliyalashtirish boʻyicha Hukumatning tegishli qarori qabul qilinadi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.