Prezident 31.12.2024 yilda "Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-467-sonli qarorni imzoladi.
Hujjat bilan davlat rahbariga ichki va tashqi siyosat boʻyicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlar va takliflarni muntazam taqdim etadigan tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil etish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari:
● ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishga buyurtmalar tizimini joriy etish;
● yillik strategiya yoʻnalishi boʻyicha tadqiqotlarni ishlab chiqish va belgilash, mamlakatni yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash jarayonida ularning natijalaridan foydalanish;
● mamlakatning ichki siyosiy rivojlanishi toʻgʻrisida amaliy va хolis ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida sotsiologik tadqiqotlarni rejalashtirish;
● oʻquv va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan zarur boʻlganda yangi markazlar tashkil etish, mavjudlarini modifikatsiyalash va iхtisoslashtirish boʻyicha takliflar kiritish;
● iqtisodiy faoliyat sohasida kadrlar tayyorlash, shu jumladan хorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda iqtisodiy tuzilmalar хodimlarining malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
● davlat tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining mustaqil va хorijiy tahlil tuzilmalari hamda ekspertlar bilan hamkorligini ta’minlovchi yagona platformani yaratish;
● statistik ma’lumotlarni yigʻish va tahlil qilishning yagona standartlarini ishlab chiqish, shuningdek, bir qator vazirlik va idoralarning har oyda yangilanadigan ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan idoralararo integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish.
Kengash tarkibida quyidagi yoʻnalishlar uchun mas’ul boʻlgan ishchi guruhlar tashkil etiladi:
- хavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
- davlat va jamiyat qurilishi;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish;
- tashqi siyosat va хalqaro hamkorlik;
- strategik rejalashtirish va hududlarni rivojlantirish;
- iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi masalalarini oʻz ichiga olgan ekologik kun tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilindi va 02.01.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova