Vazirlar Mahkamasining 30.09.2021 yildagi «Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 616-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari institutining tuzilmasi;
- Kasbiy bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom;
- Malakalarni baholash markazi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
Mehnat institutining faoliyati Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek hujjatda belgilanishicha, 2021 yil 31 dekabrga qadar quyidagilar ishlab chiqiladi:
- Zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan Oʻzbekistonda mehnatni me’yorlash konsepsiyasi;
- Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini strategik boshqarish meхanizmini shakllantirishga doir amaliy chora-tadbirlar.
2021 yil 1 noyabrdan boshlab Mehnat instituti tomonidan quyidagilar shakllantiriladi va yuritiladi:
- malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil malaka baholashning ma’lumotlar bazasi;
- mehnat migratsiyasida talab yuqori boʻlgan kasblar toʻgʻrisida yagona ma’lumotlar bazasi.
Qarorga muvofiq Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasidagi Davlat mehnat inspeksiyasi tizimida tajriba-sinov tariqasida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni oʻrganish hamda hal qilishga koʻmaklashish markazi tashkil etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.