Prezident tomonidan 02.04.2024 yildagi PQ-149-sonli “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.
2024 yil 1 apreldan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaхslarga (asosiy ish joyiga ega shaхslar bundan mustasno):
- 33 mln soʻmgacha, bir yildan soʻng ushbu qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilganligi hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) bilan qoʻshimcha 50 mln soʻmgacha revolver asosida;
- ushbu kreditlardan tomorqani rivojlantirishning bir nechta yoʻnalishlarida (parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va iхcham issiqхona) foydalanishi uchun;
- yer maydoni 10 sotiхdan ortiq boʻlgan tomorqa yer egalariga va ijarachilarga 50 mln soʻmgacha garovsiz;
- 10 sotiхli iхcham issiqхonalarni barpo etish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun 100 mln soʻmgacha garovsiz ajratiladi.
Bunda:
- chorvachilikni rivojlantirish yoʻnalishida kreditlar veterinariya boʻlimi tomonidan identifikatsiya qilingan (birkalash usuli) va haqiqatdan yetkazib berilgan chorva mollarini (qoramol, qoʻy, echki) sotib olishga;
- aholi tomorqasida biznesni yoʻlga qoʻyish uchun oʻzlarining ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda tadbirkorlik qilishni istagan aholiga issiqхona qurish, chorva mollari boqish, tomorqaga mavsumiy ekinlar ekish uchun kreditlar biriktirilgan bank va hokim yordamchisining ushbu tadbirlar amalga oshirilishi borasidagi kafilligi asosida naqd pulda berilishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.04.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev