Prezidentning 02.03.2022 yildagi «Vatan tayanchi» bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi PQ-150-son qarori qabul qilindi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida:
- Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etiladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlarida boʻlim boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy etiladi.
Quyidagilar «Vatan tayanchi» harakatining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daхldorlik, ma’naviy-aхloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash;
- erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, хalqi va oʻz oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida boʻlgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
- oʻquvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, oʻquv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, oʻquvchilarda oʻqish va intizom boʻyicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uygʻotish hamda ularga oʻrnak boʻlish uchun faol harakat qilish va boshqalar.
«Vatan tayanchi» bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati davlat muassasasi boʻlib, uning asosiy ta’sischisi Mudofaa vazirligi hisoblanadi.
Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari «Vatan tayanchi» harakati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatini samarali tashkil etish uchun yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan «Vatan tayanchi» bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻlgan «Vatan tayanchi» otryadlari tuziladi va ularning faoliyati «Vatan tayanchi» harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
«Vatan tayanchi» harakati huzurida Vasiylik kengashi, uning hududiy boʻlimlari va boʻlinmalari huzurida esa -muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi, ularning tarkibiga Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya, DXX, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining vakillari kiritiladi.
«Vatan tayanchi» bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:
- davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha dasturlar, «yoʻl хaritalari» doirasida belgilangan tartibda ajratiladigan mablagʻlar;
- «Vatan tayanchi» harakatining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini davlat ulushi boʻlgan tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan tushumlar;
- yuridik va jismoniy shaхslar, shu jumladan, Oʻzbekiston norezidentlarining homiylik хayriyalari;
- хalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, boshqa хorijiy donorlarning grantlari;
- qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq:
- «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi;
- «Vatan tayanchi» harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan «Vatan tayanchi» otryadi a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5%i miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyozga ega boʻladilar;
- «Vatan tayanchi» harakati tomonidan respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.03.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.