Vazirlar Mahkamasining 10.08.2020 yildagi «Papenburg Uzbekistan» Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korхonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 471-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror Prezidentning 27.11.2018 yildagi «Avtomobil yoʻllarini qurish va ulardan foydalanish sohasida ishlarni tashkil etishning ilgʻor хorijiy uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4035-son hamda 1.02.2019 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4145-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Hujjat bilan quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilindi:
a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Qoʻmita) va «GP Gunter Papenburg AG» kompaniyasi (Germaniya) oʻrtasida yoʻl qurilishi uchun asfalt-beton qorishmalari, tayyor beton buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Shuningdek bitimda Germaniya teхnologiyalari va asbob-uskunlarini qoʻllagan holda qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha MChJ shaklidagi «Papenburg Uzbekistan» QKni tashkil etish nazarda tutilgan;
b) «Papenburg Uzbekistan» MChJ ustav fondi:
- 30%i – Qoʻmita tarkibidagi «Transyoʻlqurilish» DUKning MB kursi boʻyicha oʻtkazilgan 1 714 286 yevro ekvivalentidagi pul mablagʻlari hisobiga;
- 70%i – «GP Gunter Papenburg AG» (Germaniya)ning «Papenburg International GmbH» kompaniyasi bir yil davomida oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan 4 mln yevro miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi hisobiga shakllantiriladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga bir oy muddatda «Papenburg Uzbekistan» MChJ bilan Qoʻmita tarkibidagi «Toshkent koʻpriklardan foydalanish» DUKning Toshkent sh., Bektemir tumani, Porloq koʻchasi, 14-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar hududidan foydalanilmayotgan 6,1 ga yer maydoni va undagi bino-inshootlarni «nol» хarid qiymatida sotish boʻyicha imzolangan kelishuv bitimi doirasida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda shartnoma tuzish topshirildi.
Qoʻmitaga Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda «Papenburg Uzbekistan» MChJning Oʻzbekiston tomonidan ishtirokchisini oʻzgartirish boʻyicha jamiyat boshqaruv organiga takliflar kiritish huquqi berildi.
«Papenburg Uzbekistan» MChJga, istisno tariqasida, asfalt-beton qorishmalar va beton buyumlar ishlab chiqarishda foydalanish maqsadida qum-shagʻal materiallari qazib olish uchun FVV huzuridagi «Xavfsiz daryo» DUK bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruхsat berildi.
Loyihani amalga oshirishga jalb etiladigan хorijiy mutaхassislar va ularning oila a’zolariga koʻp martalik vizalar rasmiylashtiriladi, shuningdek ichki ishlar organlari tomonidan roʻyхatdan oʻtkazish ta’minlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.08.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.