Dunyodagi epidemiologik vaziyat va Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishi tufayli hukumat shartnomalar bajarilmagan taqdirda biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etadi.
Koronavirus pandemiyasi va global inqirozning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar murojaatlariga binoan yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari sertifikatlarini berish topshirildi. Agar fors-major holati koronavirus bilan bogʻliq boʻlsa, sertifikatni 1 kunda olish mumkin.
Fors-major tushunchasi va uni tasdiqlash tartibi Yengib boʻlmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda keltiriladi. Bunday holatlarga qarzdorning kontragentlari tomonidan majburiyatlar buzilishi, bozorda majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan tovarlarning yoʻqligi va boshqalar kirmaydi.
Umuman olganda, tomonlardan birida fors-major holatlari yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar oʻzaro manfaatli shartlar bilan kelishib olishga harakat qilishlari mumkin. Masalan, shartnoma majburiyatlarini oʻzgartirish orqali majburiyatlarni bajarish muddatini uzaytirish. Agar kelishuvga erishilmasa, yengib boʻlmaydigan kuchlar holatini tasdiqlaydigan sertifikatni olish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga murojaat qilishi mumkin.
Idora ularni berishda хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga yordam berish uchun barcha zarur tezkor choralarni koʻradi. Vazirlikning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarining bogʻlanish ma’lumotlari - bu yerda.