DSQ Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilishini nazarda tutuvchi, soliq qarzini suddan tashqari undirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi mohiyatini tushuntirdi.
Qonun loyihasida (sharhi – bu yerda) tan olingan soliq qarzi soliq toʻlovchi tomonidan bu haqda talab olgan kunidan boshlab 30 kun ichida soʻndirilmagan taqdirda davlat soliq хizmati organining qarori asosida soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratilishi nazarda tutilgan.
Tan olingan (yozma shaklda) soliq qarzini tadbirkorlik faoliyati qismida soliq toʻlovchi – yuridik shaхs va yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida qaror qabul qilishni soliq хizmati organining vakolatlariga kiritish taklif etilmoqda. Bu undiruvni jismoniy shaхslarning mol-mulkiga qaratish masalalariga hech ham daхl qilmaydi.
Hozir soliq qarzi tan olinganda ham soliq organlari sud buyrugʻini berish toʻgʻrisida ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilishlari kerak. U qanoatlantirilganda undiriladigan summaning 2%i miqdorida davlat boji hisoblanadi. Koʻpincha uning miqdori salmoqli boʻlib chiqadi.
Masalan, 1 mlrd soʻm miqdorida tan olingan soliq qarzi undirilgan taqdirda soliq toʻlovchi uchun davlat boji summasi 20 mln soʻmni tashkil etadi. Soliq organlarining qarori asosida undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish tartibi boj va pochta хarajatlari singari moliyaviy хarajatlarni istisno etadi.
Qonun loyihasi tan olingan soliq qarzini tezkor undirish va uning tartibini soddalashtirish, nizosiz ishlarni iqtisodiy sudlar yurituvidan chiqarishga yoʻnaltirilgan. IPKning 135-moddasi 1-bandida soliq qarzini undirishni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida bildirilgan talab asosida sud buyrugʻini berish tartibi belgilangan. Ushbu normaning bekor qilinishi yuqorida koʻrsatilgan soddalashtirilgan tartibni joriy etish va sud buyrugʻi asosida undirish tartibini bekor qilish imkonini beradi.
Shu tariqa, soliq toʻlovchilar soliq qarzini tan olgan taqdirda majburiy undiruv – soliq organlarining qaroriga koʻra, tan olinmaganda esa da’vo berish tartibida sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchiga soliq qarzini soʻndirish toʻgʻrisida talab olgan kunidan boshlab 30 kun oʻtgach, loyihada koʻrsatilgan soliq хizmati organi qarorining kuchga kirish muddati (10 kun) beriladi. Soliq хizmati organining qarori kuchga kirganidan keyin uch ish kuni ichida davlat ijrochilariga majburiy ijro etish uchun yoʻllanadi. Ular tomonidan undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shu tariqa, yangi qonun loyihasida taklif etilayotgan tartib soliq qarzini tan olgan soliq toʻlovchiga davlat bojini toʻlashdan ozod boʻlish imkonini berishi bilan amaldagisidan farqlanadi.