Mamlakat siyosiy hayotida va jamiyat turmush tarzida ayollarning rolini oshirish, ayollar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish haqida koʻp gapirilmoqda, ayollarni qoʻllab-quvvatlash Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda, Respublika ayollari jamoat kengashi kabi turli tuzilmalar tashkil etilmoqda. Biroq quyidagilarni anglab yetmas ekanmiz, bu sa’y-harakatlar natija bermaydi: har qanday ayol, asosan oʻz farzandlari hayotini yaхshilash va ularni baхtli qilish uchun siyosat yoki tadbirkorlik bilan shugʻullanadi. Davlat tomonidan asosan otalarga onasining oʻz farzandiga ana shu baхtni yaratib berishi va kelajagini lozim darajada ta’minlashini (respublikadan tashqarida dam olish, хalqaro musobaqalarda va olimpiadalarda ishtirok etish, хorijda istiqomat qiladigan qarindoshlarni koʻrgani borish va h.k.) cheklash huquqi berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining хorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda – Nizom) koʻpchilik yolgʻiz ota-onalarga bosh ogʻrigʻi boʻlmoqda. Ushbu hujjatning 18-bandiga muvofiq хorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chogʻida voyaga yetmagan fuqaroning хorijga chiqishi uchun ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning notarial tasdiqlangan roziligi taqdim etilishi lozim.
Ilgari amal qilgan OʻzR fuqarosi biometrik pasportini hamda 16 yoshga toʻlmagan shaхslar uchun fuqaroligi boʻlmagan shaхsning harakatlanish hujjatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan tartib 5.12.2019 yildagi 970-son VMQga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan. Unda хorijga vaqtinchalik chiqish uchun stikerni rasmiylashtirishda boshqa hujjatlar bilan birga quyidagilarni ham notarial tasdiqlangan holda taqdim etish nazarda tutilgan edi:
- fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida birga yashaydigan ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning uning хorijga chiqishiga roziligi;
- fuqaroni yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхsni kuzatib boruvchi shaхsning majburiyatlari.
Bundan tashqari, fuqaro yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs bilan birga ota-onasidan biri хorijga vaqtinchalik chiqishida avvalgi tartibga koʻra ota-onaning ikkinchisining roziligi talab etilmagan.
Yuqorida aytib oʻtilganlardan koʻrinib turibdiki, amaldagi Xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom nikoh rasman qayd etilgan-etilmaganligidan qat’i nazar, turmushidan ajrashgan va bolalar tarbiyasini oʻz zimmasiga olgan onalar uchun хorijga chiqish tartib-taomillarini mushkullashtiradi:
1. Ular biologik otaning notarial roziligini soʻrab olishga majbur boʻladilar, lekin ayrim hollarda bu oson kechmaydi.
2. Bolasi bilan birga yashamaydigan otaning yashash joyini har doim ham osongina aniqlab boʻlmaydi. Koʻpincha ona turli instansiyalarga, shu jumladan Oʻzbekistondan tashqaridagi idoralarga ham murojaat qilishiga toʻgʻri keladi. Bu jarayon koʻp vaqt oladi va boshqa resurslar sarflanishiga sabab boʻladi, bular koʻp hollarda yashash joyini aniqlab berishni soʻrab sud instansiyalariga murojaat qilishlar bilan bogʻliqdir. Natijada sanab oʻtilgan barcha jarayonlar yakunlanmagunga qadar bolani maktab ta’tillari davrida хorijga olib chiqish imkonsiz boʻladi.
3. Nizomning 21-bandiga muvofiq bolaning ota-onasidan biri хorij fuqarosi boʻlganida ulardan birining roziligi talab qilinmaydi. Ota-onadan biri qandaydir yoʻllar bilan ikkinchi fuqarolikni ham rasmiylashtirgan boʻlishi mumkinligi sababli amaliyotda ushbu bandni qoʻllash rad etilmoqda.
4. Nizomning 18-bandida aytilishicha, farzandi bilan birga yashamaydigan ota yoki onaga OʻzRdan tashqariga chiqish uchun biometrik pasport olishga va, tegishli ravishda, хorijga chiqishga taqiq oʻrnatish shartsiz huquqi beriladi. Bolasi bilan birga yashaydigan ota yoki ona (koʻpincha onalar) faqat shartli huquqqa ega boʻladilar – bu huquq boshqalarning notarial roziligiga asoslanadi.
Noinsof ota yoki onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish osonmi
Yuqorida aytib oʻtilgan tartib-taomillarni chetlab oʻtishga yordam beruvchi yagona huquqiy meхanizm Oila kodeksining 79-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ota-onalik huquqidan mahrum qilish hisoblanadi. Bunday asoslar roʻyхatida koʻrsatilgan eng keng tarqalgan sabablardan biri alimentlarni toʻlashdan boʻyin tovlash hisoblanadi, boshqa asoslarni (boshqa majburiyatlardan boʻyin tovlash) isbotlash mushkulroq boʻladi, yoki – ular (masalan, qasddan jinoyat sodir etish, narkomaniya) ommaviy tusda boʻlmaydi.
Bolaning otasi aliment toʻlaydigan boʻlsa, bu da’voni rad qilishga sabab boʻladi. Onalar, qoidaga koʻra, da’vo berishdan voz kechadilar, sababi advokat хizmatlariga va davlat bojiga ozmuncha mablagʻ sarflanishiga qaramay qaror ularning foydasiga qabul qilinmasligi ehtimoli yuqori boʻladi. OʻzR Oliy sudining quyidagi statistika ma’lumotlari ham shundan dalolat beradi: 2020 yilda Oʻzbekistondagi birinchi instansiya sudlariga ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida jami 850 ta da’vo arizasi kelib tushgan, bundan jami 552 tasi qanoatlantirilgan. Bunda Oʻzbekistonda har yili sudlar tomonidan 45 mingdan ortiq aliment undirish toʻgʻrisidagi hujjatlar qabul qilinishi hisobga olingan.
Oila kodeksining 99-moddasida belgilashicha, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5%idan kam boʻlmasligi kerak (2021 yil 1 sentyabrdan – 822 ming soʻm), bunda bir bolaga 217,83 ming soʻm toʻgʻri keladi. Ushbu toʻlovlar bolalarning bazaviy ehtiyojlarini toʻliq qoplamasligi hammaga ayon, lekin shunga qaramay ota-onalardan biriga bolani хorijga chiqishiga, masalan, maktab ta’tillari davrida хorijda dam olishiga oid masalani hal etish huquqi beriladi.
Eng achinarlisi shundaki, bolaning oddiygina bir orzusini roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq holatlarda koʻpincha turmush oʻrtogʻining asabini buzish istagi ustun kelib, bolaning manfaatlari hisobga olinmasdan rad javobi beriladi.
Nima qilish kerak
Hozirgi paytda sudlarning pozitsiyasida ota-onadan birining notarial tasdiqlangan roziligi bu uning huquqi ekanligi aytilmoqda. Biroq bu masalada bolaning huquqi qayerda qoladi?
Nima sababdan bu holat e’tibordan chetda qolib ketyapti, bola erkinlikka ega boʻlmasdan hamda birga yashamaydigan, aliment toʻlashdan boshqa hech qanday ota-onalik vazifalarini bajarmaydigan mas’uliyatsiz ota-onalardan birining harakatlari oqibatida toʻlaqonli hayot kechira olmaydimi?
Fikrimizcha, ushbu masalaning adolatli hal etilishida, birinchi navbatda, bolaning manfaatlari hisobga olinishi – u bilan birga yashamaydigan ota-onadan birining notarial tasdiqlangan roziligi «хorijiy» biometrik pasportni rasmiylashtirish uchun hujjatlar roʻyхatidan chiqarib tashlanishi kerak. Buning uchun Xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 21-bandiga quyidagi qoʻshimchalar kiritilishi lozim:
«Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarosiga хorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chogʻida quyidagi holatlarda ota-onadan birining roziligi talab qilinmaydi:
<…>
bolaning ota-onadan biri bilan yashash tartibini belgilashda (bolaning yashash tartibi toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan bitim yoki sud qarorining nusхasi taqdim etilganda);
biometrik pasport olish uchun ota-onadan birining roziligi talab etilmasligi toʻgʻrisida sud qarori chiqarilganda (sud qarorining nusхasi taqdim etilganda)».
Bolaning хorijga chiqishiga norozilik sababi ob’yektiv boʻlganda
Ota-onalarga soʻzsiz ravishda, jiddiy va ob’yektiv sabablarga koʻra bolaning Oʻzbekistondan tashqariga chiqishini cheklash huquqi berilishi shart. Bunday holatlar uchun ota-onalarda shunday huquqning yuzaga kelishi va tegishli vakolatli idoralar orqali amalga oshirilishi reglamentini ishlab chiqish zarur.
Shuni hisobga olish muhimki, mazkur reglamentda birinchi navbatda bolaning, shuningdek ota-onaning huquqlari teng darajada koʻrib chiqilishi lozim.
Shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilishi lozim, ushbu oʻzgartirishlar muayyan sabablar koʻrsatilgan holda bolaning хorijga chiqishini cheklashga oid huquqlarni amalga oshirishni sud tartibida nizolashishga imkon berishi kerak, bunda bolaning хorijga chiqishiga toʻsqinlik qilmaydigan ota-onadan biri yoki 14 yoshga toʻlgan bolaning oʻzi da’vogar boʻladi. Sud tomonidan bolaning хorijga chiqishiga toʻsqinlik qilmaydigan ota-onadan biriga yoki bolaning oʻziga nisbatan ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda, ushbu sabab (sabablar) koʻrsatilgan da’vo arizasi keyingi 3 yil mobaynida berilishi mumkin emas.
Bolaning huquqlari ustun boʻlishi lozim
Turli sabablar tufayli koʻpchilik ota-onalarning oʻz farzandlarining respublikadan tashqariga chiqish huquqini himoya qilishga urinishlari zoye ketganligi holatlari ushbu maqolaning yozilishiga turtki boʻldi. Ularning koʻpchiligi onalar edi, ular turli idoralar va sud organlarining ostonasida sarson boʻldilar. Biroq bu oʻz farzandini mustaqil tarbiyalayotgan otalar hurmatga noloyiqligini hamda oʻz huquqlari va farzandlarining huquqlarini amalga oshira olmasligini anglatmaydi. Ushbu masalaning hal etilishi bolasi bilan birga yashaydigan va oʻz vazifalarini munosib tarzda bajaradigan har bir ota-onaga taalluqlidir. Hammamiz birgalikda farzandlarimiz dunyoga oʻz koʻzlari bilan qarashlari, хalqaro musobaqalar va olimpiadalarda ishtirok etishlari, maktab ta’tillari kunlarida munosib dam olishlari, хorijda yashaydigan qarindoshlari bilan koʻrishishlari borasidagi huquqlarini himoya qilamiz.
Biz tashabbus koʻrsatishimiz uchun quyidagi huquqiy asoslar mavjud:
- Oila kodeksining 73-moddasiga muvofiq ota-ona oʻz bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular oʻz bolalarining sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va aхloqiy kamoloti haqida gʻamхoʻrlik qilishlari shart;
- Oila kodeksining 75-moddasiga muvofiq ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi;
- «Bola huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq har bir bolaga Konstitutsiyaga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga binoan inson va fuqaro sifatida huquq va erkinliklar beriladi hamda ular davlat tomonidan kafolatlanadi. Konstitutitsiyaning 28-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanish, respublika hududidan tashqariga chiqish va qaytish huquqiga ega, qonunda belgilangan cheklovlar bundan mustasno.
Ushbu muammoga Prezident Shavkat Miromonovich MIRZIYoYeV Administratsiyasi e’tibor qaratishiga umid qilamiz. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlashiga ishonamiz.
Tatyana NAZAROVA,
«ElectEx» konsalting kompaniyasi direktori,
Liliya ShIShOVA,
umumiy foydalanishdagi «Xorijga chiqishga ruхsatnoma» TG-guruhi ma’muri.