Iqtisodiyot va moliya vazirining “Insofsiz ijrochilarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Loyiha insofsiz ijrochilarning reyestrini shakllantirish, insofsiz ijrochilarni reyestrga kiritish va undan chiqarishni tartibga solishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun: Prezidentning 17.11.2022 yildagi PQ-425-son Qaroriga koʻra, insofsiz ijrochilarning Yagona reyestrini shakllantirish tartibini tasdiqlash hamda ushbu reyestrning «Shaffof qurilish» milliy aхborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Loyihaga koʻra, davlat хaridlari ishtirokchisi, gʻolibi yoki ijrochisi insofsiz ijrochilar reyestriga:
- sudning;
- davlat хaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning;
- iqtisodiyot va moliya vazirligining qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Insofsiz ijrochi reyestrga 2 yil muddatga kiritiladi, ushbu muddat tugagach u reyestrdan chiqarilgan hisoblanadi.
Reyestrga kiritilgan insofsiz ijrochi bilan davlat хaridlari toʻgʻrisidagi shartnomani tuzganligi uchun davlat buyurtmachisi javobgar hisoblanadi.
Reyestrdagi ma’lumotlar barcha uchun ochiq boʻlib, foydalanuvchilar ulardan erkin va bepul tanishib chiqishi va foydalanishi mumkin.
Shuningdek loyihada insofsiz ijrochilarni reyestrga kiritish haqida ariza berish asoslari va tartibi belgilangan.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Sobir Nurberdiyev.