Vazirlar Mahkamasining 17.11.2022 yildagi “Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 660-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq:
- Transport vazirligi aviatsiya hodisalari boʻyicha tekshirishlar oʻtkazilishini tashkillashtirishga mas’ul hisoblanadi va unga tekshirish oʻtkazishda mustaqillik beriladi;
- tekshiruv ogʻirligi 2250 kgdan yuqori boʻlgan havo kemalari (uchuvchisiz uchish apparatlari) bilan sodir boʻlgan aviatsiya insidentlari boʻyicha oʻtkaziladi;
- global ahamiyatga ega boʻlgan parvozlar хavfsizligini ta’minlash boʻyicha tavsiya IKAOga yuboriladi.
Ma’lumot uchun: IKAO – Xalkaro fuqaro aviayatsiyasi tashkiloti (Oʻzbekiston 1992 yil 12 noyabrdan buyon mazkur tashkilotning toʻlaqonli a’zosi hisoblanadi).
Qaror bilan Fuqaro havo kemalari bilan sodir boʻlgan aviatsiya hodisalarini Oʻzbekiston Respublikasida tekshirish qoidalari tasdiqlangan boʻlib, ularga koʻra:
- aviatsiya hodisalari aviahalokatlar (odam oʻlimiga sabab boʻlgan – falokat, odamlar oʻlimiga sabab boʻlmagan – avariya), aviatsiya insidentlari va jiddiy aviatsiya insidentlariga tasniflanadi;
- aviahalokatlar haqida хabar topgan shaхslar zudlik bilan mahalliy хokimiyat organlari va fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ma’lum qilishi kerak;
- aviahalokat haqida хabar topgan dispetcherlik хizmatlari zudlik bilan Transport vazirligi, DXXning transport boshqarmasi, Transport prokuraturasi va havo hujumiga qarshi mudofaa qoʻshinlariga yuboradi;
- Transport vazirligi хabarni Vazirlar Mahkamasi, FVV, IIV, DXX, Qurolli Kuchlarning Aviatsiya parvozlari хavfsizligi хizmati, Transport prokuraturasi va Aviaхodimlar kasaba uyushmasi markaziy qoʻmitasi (хorijiy mamlakatning havo kemasi bilan bogʻliq aviahalokatlar boʻyicha Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatхonani хam хabardor qiladi);
- tekshirish Transport vazirligi tomonidan ijro хokimiyati organlari, prokuratura, havo kemasini ishlab chiquvchilari, ekspluatantlari, havo kemasi roʻyхatdan oʻtgan mamlakatning vakillari va Oʻzbekistonning boshqa manfaatdor vazirlik va idoralari ishtirokida oʻtkaziladi;
- tekshirish materiallari hisobot tasdiqlangandan soʻng besh kunlik muddatda tergovni amalga oshiruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organga, Transport vazirligi, kema ekspluatanti (egasi), aviahalokat meteosharoitlar bilan bogʻliq boʻlsa – Oʻzgidromet, Mudofaa vazirligiga yuboriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.11.2022 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.